Boburiylar davlatida hanafiy-moturidiy ta’limoti rivoji

Boburiylar davlatida hanafiy-moturidiy ta’limoti rivoji

Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston yerlarida o‘z davlatini qurgach, bu zaminda Islom tamaddunining o‘ziga xos taraqqiyoti kuzatildi.

Olimlarning fikricha, Bobur va uning avlodlari Temuriylarning munosib davomchilari sifatida ilm-fan rivoji yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Xususan, bu davrda Islom ilmlari yangi bosqichda rivojlana boshladi. Hanafiylik barobarida moturidiylik ta’limoti ham hind musulmonlari tomonidan keng qabul qilindi. Hindiston diyori yirik hanafiy-moturidiy olimlarni o‘z bag‘rida kamolga yetkazdi.

Hind musulmonlari ilk davrlardanoq hanafiy mazhabiga amal qilib kelishgan. Ular Islom dinini mazkur mazhab asosida tanigan. Manbalarda qayd etilishicha, Abbosiy xalifasi Vosiq Hindiston musulmonlari haqida ma’lumot olib kelish uchun o‘z odamlarini yuborganda, unga bu yerdagi musulmonlarning barchasi hanafiylar ekani xabar berilgan. Boburiylar ham fiqhda hanafiy bo‘lganlari uchun ularning davrida hanafiylik hind musulmonlari orasida rasmiy mazhab darajasiga ko‘tarildi. Boburiylar tomonidan qozilik va muftiylik lavozimlariga hanafiy faqihlarning tayinlanishi hind diyorida hanafiylikning yanada chuqur ildiz otishini taminladi.

Bu davrda hanafiy ta’limotiga oid bebaho ilmiy meros yaratildi. Xususan, Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zi nazmiy shaklda hanafiy fiqhiga oid “Mubayyan dar fiqh” asarini qalamga olgan edi. Uning vorislaridan Avrangzeb Olamgir davrida esa Shayx Nizomuddin boshchiligidagi olimlar guruhi hanafiy fiqhining nodir namunalaridan sanalgan “al-Fatovo al-hindiyya” nomli fatvolar to‘plamidan iborat kitob yozdi. Mazkur asar hukmdor sharafiga “Fatovoi Olamgiriy”, nomi bilan mashhur bo‘ldi va musulmon olamida keng tarqaldi.

Boburiylar davlatidagi madrasalarda hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblar o‘qitilgan. Bular qatorida eng mashhurlari Burhonuddin Marg‘inoniyning “Hidoya”, Abul Barakot Nasafiyning “Manor”, Abul Usr Pazdaviyning “Usul”, Ubaydulloh ibn Mas’udning “Sharhul viqoya” kitoblari edi. Mazkur asarlarning bari Movarounnahr faqihlari qalamiga mansub hisoblanadi. Bu esa yurtimizda asos solingan ilmiy maktablarning Hindistonda Islom ilmlari rivojiga ta’siri qay darajada yuqori bo‘lganiga yorqin dalildir.

Moturidiylik aqidaviy mazhabining Hindistonda keng tarqalishi ham aynan Boburiylar davriga to‘g‘ri keladi. E’tiborli jihati shundaki, bu davrda yashab ijod qilgan deyarli barcha hanafiy faqihlar o‘zlarini moturidiy, deb hisoblashgan. Ular moturidiy kalom maktabi olimlarining asarlari asosida dars o‘tishgan, ularning kitoblariga sharhlar yozishgan. Boburiylar davrida aqoid ilmida eng ko‘p o‘qitilgan kitoblardan biri Sa’duddin Taftazoniyning “Sharhi aqoidi Nasafiyya” asari bo‘lgan.

Boburiylar davrida hanafiy-moturidiy ta’limoti rivojiga hissa qo‘shgan ko‘plab yirik olimlar yetishib chiqdi. Bular qatorida Imom Rabboniy nomi bilan tanilgan Ahmad Sirhindiy, Abdulhakim Siyolkutiy, Qosim Nanutviy, Abdulhay Laknaviy va boshqa bir qator olimlar faoliyati mazkur ta’limot rivojiga beqiyos hissa qo‘shdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, hanafiy-moturidiy mazhabi tarixida Boburiylar davrining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Va bu jihatlar yurtimizdagi ilmiy, ma’rifiy markazlar tomonidan keng o‘rganilmoqda.

Oybek Sotvoldiyev,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi yetakchi ilmiy xodimi.

O‘zA


Print   Email