Abdulla Avloniy hayotiga chizgilar

Abdulla Avloniy hayotiga chizgilar

Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasidagi to‘quvchi Miravlon aka oilasida dunyoga keldi. Yoshlik yillarida dastavval O‘qchidagi eski maktabda, so‘ng madrasada tahsil oldi. Mustaqil mutolaa bilan shug‘ullandi. Arab, fors, rus tillarini puxta o‘rgandi. U tarjimai holida bu haqida shunday yozadi:

“12 yoshimdan O‘qchi mahallasidagi madrasada dars o‘qiy boshladim. 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari o‘qir edim. 14 yoshimdan boshlab, o‘sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda “Tarjimon” gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldim”.

Abdulla Avloniy pedagog, noshir, diplomat, shoir, jurnalist, olim, tarjimon, jamoat va davlat arbobi sifatida elu yurt manfaati uchun ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi. XX asr boshlarida Turkiston madaniy hayotida yuz bergan eng muhim o‘zgarishlardan biri maktab-o‘quv ishlarida o‘zgarish bo‘ldi. Avloniy bu davrda jadidchilik harakatiga qo‘shilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri bo‘lib tanildi. Avloniy 1904 yilda Mirobodda, so‘ng Degrezlikda (1903-1914) xuddi shunday yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi. 1909 yilda maktab-maorif ishlariga yordam beruvchi “Jamiyati xayriya”ni tashkil etib, yetim bolalarga saboq berdi.

Abdulla Avloniy bu maktablar uchun darsliklar tuzdi. 1911 yilda allomaning boshlang‘ich sinf shogirdlari uchun “Birinchi muallim” kitobi “Oktyabr voqealari”gacha 4 marotaba, “Alifbedan so‘nggi o‘quv kitobi” — “Ikkinchi muallim” 3 marta qayta nashr etildi. Axloqiy-didaktik mazmundagi “Turkiy Guliston yoxud axloq” darsligi XX asr boshlari ijtimoiy-pedagogik fikr taraqqiyotida alohida o‘rin egalladi. 1933 yilda 7-sinf o‘quvchilari uchun “Adabiyot xrestomatiyasi” darsligini yozdi. 1930-1934 yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetida (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti) kafedra rahbariga aylandi.

Ma’rifatparvar alloma o‘z safdoshlari Munavvarqori Abdurashidxonov, Muhammadjon Podshoxo‘jayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xo‘jayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan sheriklikda 1914 yilda “Nashriyot”, 1916 yilda esa “Maktab” shirkatini tuzdi. 1907 yilda “Taraqqiy”, “Shuhrat”, bir yildan so‘ng esa “Osiyo”, 1917 yilda esa “Turon” gazetasini chiqardi. 1921 yilda “Kasabachilik harakati” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordi.

1895 yildan ijodiy faoliyati boshlagan Abdulla Avloniy matbuotda Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chig‘aboy, Abdulhaq, Qobil, Abulfayz taxalluslari bilan tanqidiy va ilmiy maqola, 4000 misradan ortiq she’r ijod qildi.

Buyuk ma’rifatparvar o‘zbek teatrining asoschilaridan biri edi. 1910-1916 yillarda bir qancha sahna asarlarini tarjima qildi va sahnalashtirdi. Avloniyning sahna asarlari Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Xo‘jand kabi shaharlarda qo‘yilgan. Bu asarlarda XX asr boshlaridagi Turkiston hayotining keng manzaralari o‘z ifodasini topadi. U 1913 yilda “Turkiston” teatr truppasini tuzdi. “Turkiston” o‘zining qat’iy Nizomini ham e’lon qilgan edi. Uning tashkilotchisi ham, g‘oyaviy-badiiy rahbari ham Avloniy edi. Teatr Hamzaning “Zaharli hayot”, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” kabi XX asr boshlari o‘zbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnalashtirdi. Ozarbayjon dramaturglarining “Badbaxt kelin”, “Xo‘r-xo‘r”, “Jaholat”, “O‘liklar”, “Joy ijaraga olgan kishi”, “Man o‘lmisham”, “Layli va Majnun” singari asarlarini o‘zbek tilida tomoshabinlarga taqdim etdi.

Dramaturg sifatida “Advokatlik osonmi?”, “Ikki muhabbat”, “To‘y”, “S’yezd”, “Layli va Majnun”, “O‘liklar” kabi asarlarni yozib, ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi.

Abdulla Avloniy tarjimonlikda ham benazir edi. U arab, fors, rus tillarini o‘rganib, bu tillarda ijod qilgan mutafakkirlarning asarlarini o‘qigan. L. Tolstoy, K. D. Ushinskiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Yetuk shoir sifatida 1906 yildan she’rlari bilan matbuotda qatnasha boshlagan. Shoir she’riyati bilan tanishar ekansiz, qiziq bir holga duch kelasiz. Unda birorta ishqiy she’r yo‘q. U ijtimoiy muammolarni, el-yurt g‘amini muhimroq biladi. Xalq va Vatan baxtsizligi oldida har qanday muhabbatni rad etadi. O‘z ona-diyorini bamisoli “yor kabi sevadi”. Butun mehrini shunga bag‘ishlaydi. To‘rt tomlik “Adabiyot yoxud milliy she’rlar”, “Maktab gulistoni”, “Mardikorlar ashulasi” kitoblari chop etiladi.

Avloniyning adabiyot oldidagi muhim xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, u mardikorlik she’riyati, deb atalgan yangi adabiy hodisaning yaratuvchilaridan bo‘ldi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarini ifodalovchi “Bir mardikorning otasi o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Onasining o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Afsus” kabi she’rlar yozdi. Ona yurtdan uzoq shimolning qorli-muzli yerlariga, front orqasidagi qora xizmatga olib ketilgan mardikorlarning xayrlashuv manzaralarini, haqsizlikni yoritdi. Bu she’rlarning ohang va uslubi xalq qo‘shiqlariga g‘oyat yaqin bo‘lib, ular xalqimizning milliy uyg‘onishida muhim o‘rin tutdi.

1919-1920 yilda Afg‘oniston safariga doir “Afg‘on sayohati” kundaliklari esa mamlakatimizning yon qo‘shnimiz bilan o‘zaro do‘stlik, totuvlik aloqalarining o‘rnatilishi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Abdulla Avloniy davlat va jamoat arbobi sifatida ham nom qozongan. XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri ma’rifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi. U ma’lum muddat Afg‘oniston xalq maorifi vaziri, so‘ng Sho‘rolar Ittifoqining Afg‘onistondagi konsul-elchisi vazifalarida xizmat qilgan. U sovet davrida turli mas’uliyatli lavozimlarda xizmat qildi. Qaysi vazifada ishlamasin ilm-ma’rifat tarqatish, ta’lim-tarbiya masalalari bilan shug‘ullandi, bilim yurtlarida, oliy maktablarda o‘qituvchilik qildi.

O‘zbek xalqining buyuk ma’rifatparvar allomasi Abdulla Avloniy 1934 yil 24 avgustda 56 yoshida vafot etdi. Ammo uning o‘lmas ijodiy merosi mana yuz yildirki, yashab kelmoqda.

Saidafzal Saidjalolov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

katta o‘qituvchisi,

(Internet materiallari asosida tayyorladi).


Print   Email