Bag‘rikenglik xalqimizga xos fazilat

Bag‘rikenglik xalqimizga xos fazilat

Bag‘rikenglik, xushmuomalalik, mehr-saxovat kabi insoniylikka xos bo‘lgan benazir odob-axloq fazilatlari xalqimiz qon-qoniga singib ketgan. Ajdodlarimizning mazkur azaliy qadriyatlari bugun ham bardavom. Buni yurtimizda bir oila farzandlaridek ahil-inoqlikda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillarining hamjihatlikda yashab kelayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mytashkent.uz internet-media-portali tahririyati tomonidan tayyorlangan “Mahalla aholisi yahudiylar qabristonida hashar o‘tkazdilar” sarlavhali qisqa videoreportaj hamda xabar keng tarqaldi.

Birgina mana shu videolavha va xabarda O‘zbekistonda ajdodlar xotirasiga insoniy munosabat hamda bag‘rikenglik yorqin namoyon bo‘lgan. Ya’ni, tasvirda Toshkentdagi “To‘qimachilik” nomi bilan ataladigan yahudiylar qabristonida shu hududda istiqomat qiladigan mahalliy aholi tomonidan amalga oshirilgan obodonlashtirish, hashar ishlari e’tirof etiladi.

Xabarda aytilishicha, dam olish kunlari mahalla ahli hamjihatlikda o‘zlari yashayotgan hududda joylashgan yahudiylar qabristonida hashar uyushtirib, obodonlashtirish ishlarini olib borishdi. Bu esa boshqa bir millat vakillariga ko‘rsatilgan cheksiz hurmat va e’zoz namunasidir. Bu olijanoblikni ko‘rgan har bir kishining hayratlanishi tabiiy.

O‘zbekistonda yashamagan yahudiylar uchun “mahalla”, “hashar” so‘zi nimani anglatishini tushunish qiyin bo‘lishi mumkin albatta. Ammo, bir vaqtlar ushbu zaminda yashagan yahudiylar uchun bu videorolik bag‘rikeng va saxovatpesha o‘zbek xalqining ajoyib an’analari bardavom ekanligini va bu asriy qadriyatlar bugun ham davom etib kelayotganini ko‘rsatadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng ommalashayotgan bu videoreportaj hamda xabar materiallariga ko‘plab kishilar tomonidan ijobiy munosabat bildirilmoqda. Jumladan, materiallar bo‘yicha qoldirilgan izohlarning birida “O‘ylaymanki, bu o‘zbeklarning muborak Toshkent zaminida yashagan boshqa xalqlarning xotirasiga bo‘lgan cheksiz hurmatining bir tasdig‘idir. Bu ezgu ish haqiqatan ham qalbning iliqligi va kengligi haqida so‘zsiz ko‘p narsalarni aytib beradigan harakat. Buning uchun biz, o‘zbek xalqiga o‘z minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Yahudiy, pravoslav, katolik din vakillari ham musulmonlar qabristonlarida shu kabi tadbirlarda faol ishtirok etsalar maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu kabi tadbirlar esa odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi”, deyiladi.

Yana bir munosabatda esa “Ushbu xayriya tadbirining barcha ishtirokchilari va butun o‘zbek xalqiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ota-onam ushbu qabristonga dafn etilgan”, deya yoziladi.

Boshqa shunga o‘xshash izohda “Mahalla aholisi qanday olijanob ezgu ishni qilishdi! Bu xayrli ishlarning amalga oshirilganini uzoqdan ko‘rgan kishilarning ishonishi qiyin. Ammo, bu — haqiqat. Qabristonda 41 yoshida bevaqt vafot etgan otam dafn etilgan. Biz u yerga yiliga bir martadan ko‘proq borardik. Bizga tanish bo‘lgan yodgorlikni videolavhada ko‘rib, xuddi o‘sha yerda bo‘lgandek o‘zimni his qildim. Ayniqsa, qabriston joylashgan hudud obodligiga hissa qo‘shayotgan oqko‘ngil kishilarning ezgu ishlari meni hayratlantirdi. Barchalariga baxt-omad hamroh bo‘lsin”, deyilgan. Boshqa ko‘plab munosabatlarda ham yuqoridagidek samimiy minnatdorchiliklar bildirilgan.

O‘zaro totuvlik va do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari bor ekan, kishilar o‘rtasidagi yaqinlik, o‘zaro do‘stlik va bag‘rikenglik yanada mustahkamlanadi. Bu ezgu fazilatlar esa har bir o‘zbekning ong-u shuuriga singib ketgan. Aynan O‘zbekiston tanlagan yo‘l ham mana shu.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email