Bag‘rikenglik madaniyatlar rivojiga xizmat qiladi

Bag‘rikenglik madaniyatlar rivojiga xizmat qiladi

Globallashuv jarayoni kuchayib borayotgan hozirgi davrda dinlar, ayniqsa, islom dinidagi bag‘rikenglik tamoyillarini yoritish va yoshlar ongiga singdirish muhim vazifa hisoblanadi. Diniy bag‘rikenglik g‘oyasi — xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor hamda hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi.

Tolerantlik tushunchasining o‘zbek tilida turli xil ma’nolari bor: chidamlilik, sabr-toqatlilik, bardoshlilik, kelishuvchanlik, qayishqoqlik, ochiq ko‘ngillik, kengfe’llik. Afsuski, o‘zaro bir-birini tushunmaslik, bilimsizlik va jaholat insoniyat hayotida o‘zaro shubhalanish va ishonchsizlikning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan, buning oqibatida esa turli nizolar va qonli kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Abu Rayhon Beruniy “Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik ko‘zi bilan qaraydilar” deganida naqadar haq edi. Bilimlar qanchalik obyektiv va chuqur bo‘lsa, ular zamirida yuzaga keladigan qadriyatlar, baholar, dunyoqarash ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

O‘zbek xalqi ma’naviy merosida bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan qadriyatlar chuqur ildizga ega. Hozirgi O‘zbekiston hududida islom dini qaror topguniga qadar ham zardushtiylik, yahudiylik, buddaviylik, moniylik, mazdakiylik, xristianlik va boshqa dinlar mavjud bo‘lgan. O‘lkaning hind va fors diyorlariga tutash hududlarida Budda ta’limotini qabul qilganlar soni ko‘pchilikni tashkil etsa, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona hududlarida aholi asosan zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan. Islomgacha bo‘lgan davrda buddaviylik Markaziy Osiyoda g‘oyaviy turmushning muhim tarkibiy qismlaridan birini tashkil etgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bizning o‘lkamizda dinlararo munosabatlarda birorta nizo chiqqanligi tarixiy manbalarda qayd etilmagan. Ana shu an’analarni o‘zida mujassam qilgan O‘zbekiston madaniyati, o‘z navbatida, nafaqat islom madaniyatining keyingi rivojiga, balki insoniyat ma’naviyatida bag‘rikenglik fazilatining rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

IX asrdan boshlab hozirgi vatanimiz hududida islom dini sunniy yo‘nalishining boshqa dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan bag‘rikengligi bilan ajralib turgan hanafiy mazhabi qaror topdi. Hanafiylik boshqa shariat maktablariga qaraganda xristian va yahudiylarga nisbatan moʻtadillik nuqtai nazarida turgan, Imomi A’zam mazhabi boshqa dinlarga nisbatan ham sabr-toqatliligi bilan nom qozongan. Shu davrda diyorimizdan yetishib chiqqan yirik ulamolar asarlarida toqatlilik, sabrlilik, diniy bag‘rikenglik g‘oyalari keng targ‘ib etilgan. Jumladan, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al Moturidiy Qur’oni karim oyatlarining tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarida “Haj” surasi 40-oyat tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”, — deya ta’kidlagandi.

Tarixdan ma’lumki, Amir Temur islomni mutaassiblikdan xoli, umuminsoniy e’tiqod deb tushungan. Uning komil e’tiqodi boshqa dinlarni rad etish hisobiga bo‘lmagan, o‘z saltanatidagi boshqa din vakillariga ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Bu esa Yevropaning chuqur ehtiromini uyg‘otgan. Fransiya qiroli Karl VI Sohibqironga bo‘lgan ehtiromini shunday bayon etgan: “Siz janobi oliylariga ko‘pgina nasroniylarga ko‘rsatgan ehtiromingiz, g‘amxo‘rligingiz va taqdim etgan in’omlaringiz uchun o‘z minnatdorligimizni izhor etgaymiz. Biz ham Sizning odamlaringiz foydasiga, imkon bo‘lsa, ularga muvofiq yoki ortiqroq munosabatda bo‘lishga tayyormiz”.

Amir Temurning Yevropa davlatlaridagi elchisi — arxiyepiskop Ioann o‘zining “Memorire sur Tamer et sa cour” kitobida Amir Temur shaxsiyatini shunday ta’riflaydi: “Temur ajnabiy savdogarlarni, xususan, frank va nasroniylarni yaxshi kutib oladi, ularga butun yurti bo‘ylab xavfsizlik, g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatadi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida sessiya ishtirokchilariga Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi. Bu muhim hujjatning asosiy maqsadi — barchaning har tomonlama ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Yurtboshimiz ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilar huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilishi darkorligini ta’kidlagan edi. Ushbu rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi yalpi sessiyasida qabul qilindi.

2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham qator vazifalar belgilangan.

Mazkur vazifalarni samarali bajarish uchun esa diniy-ma’rifiy tashkilotlarning moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdek aniq choralar ko‘rsatilgan.

Darhaqiqat, yoshlarda diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadiki, u biz — pedagoglardan muntazam tarzda fidoyilik ko‘rsatib ishlashni, har bir yosh taqdiriga xuddi o‘z farzandimizga bo‘lgandek daxldorlik hissi bilan yondashishni talab qiladi.

Dilnavoz TOJIBOYEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

katta o‘qituvchisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi


Print   Email