Bagʻrikenglik – azaliy qadriyat

Bagʻrikenglik – azaliy qadriyat

Dunyoda globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan bugungi davrda turli madaniyat va dinga mansub xalqlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Zero, bugun yakka shaxs yoki alohida millat va davlatning o‘z qobig‘idan chiqmasdan taraqqiy etishi tasavvurga sig‘maydi. Bunda esa, eng avvalo, bag‘rikenglik tamoyili ustuvor bo‘lmog‘i zarur.

O‘z navbatida mazkur tamoyilning qaror topishi har bir yurt aholisining tinch, osoyishta va farovon hayotiga ham kafolatdir. Biroq buning uchun har bir shaxs o‘z vatanidagi tinchlik va osoyishtalik qadriga yetishi, shu farovon hayotini yanada mustahkamlashda oilasi, el-yurti taqdiri, kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini diliga jo qilib yashashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtalib, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha takliflarini ilgari surgan edilar. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta a’zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash borasida O‘zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Binobarin, ona zaminimizda dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik o‘zining chuqur tarixiy ildizlariga ega. Yurtimiz hududi ming yillar davomida Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismi bo‘lib kelgan. Bu yerda savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat markazlari vujudga kelgan. Demak, jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashuv ham ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalarning rivojlanishiga hamda mahalliy xalqning diniy va madaniy hayotiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayni shu omillar xalqimizning nafaqat ma’naviy-ma’rifiy, balki bag‘rikengligining ma’naviy asosini tashkil qiladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan yonma-yon boshqa dinlar, madaniyatlar ham yashab, rivojlanib kelgan. Bu ushbu yurtda jamiyatning ma’naviy yuksalishiga ham muayyan darajada hissa qo‘shgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalarning mavjud bo‘lishi, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelayotganni buning tasdig‘idir. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.

Xalqimizda bag‘rikenglik va murosaning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi. Mamlakatimiz hududida faoliyat ko‘rsatgan turli dinlar madaniyati bo‘yicha izlanishlar olib borgan yapon olimi Kato fikriga ko‘ra, Surxondaryo vohasida aniqlagan noyob Budda madaniyati yodgorliklari, yahudiy yodgorliklari, Buxoroda nasroniylarning ziyoratgohlari yurtimizdagi islom obidalari bilan bir qatorda turishi hech kimni ajablantirmaydi.

Jahondagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Aksariyat dinlar bu dunyoni foniy, o‘tkinchi deb hisoblaydilar. Ular insonning yashashdan asl maqsadi – bu dunyoda xayrli, savob ishlar qilib, boqiy dunyo sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish degan g‘oyani targ‘ib etadi. Barcha dinlarda inson hayotining mohiyati, mazmuni, kishilar o‘rtasidagi siyosiy-huquqiy, ahloqiy munosabatlarni tenglik va adolat mezonlari asosida o‘rnatish o‘z aksini topgan. Xususan, yahudiylar jamoasining vakillaridan biri R.Bensman shu haqda to‘xtalar ekan, Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrdayoq qurilgani, boshqa din vakillari bilan bir qatorda o‘z dinlariga erkin e’tiqod qilish uchun o‘sha paytda ham sharoit yaratib berilganini ta’kidlab “O‘rta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvg‘in qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”, deb yozadi.

Shuningdek, bu o‘rinda Arxiyepiskop Vladimirning ham fikrlarini o‘rinlidir: “XIX asrda Rossiyaning markaziy mintaqalaridan majburlab ko‘chirilgan krestyanlar nochor ahvolga tushib qolganda mahalliy aholi ularga har tomonlama yordam ko‘rsatgan. O‘sha davr voqealarini ko‘rgan iyeromonax Xariton “...Mahalliy aholi nochor ko‘chmanchilarga rahmdillik bilan munosabatda bo‘ldilar, busiz ularning ko‘pchiligi ochlik va muhtojlikdan o‘lib ketgan bo‘lar edilar”, deb guvohlik bergan.

Turkiston yerlariga kirib kelgan Rus pravoslav ruhoniylari asosiy e’tiborni missionerlik faoliyatiga emas, balki o‘z jamoalarining diniy ehtiyojlarini qondirishga qaratganlar. Pravoslavlar cherkov qurganlarida mahalliy musulmon aholi ham yordam ko‘rsatgani ma’lum. Masalan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Muqaddas Georgiy” ibodatxonasi qurilishiga mahalliy xalq va savdogarlar moddiy ko‘mak berganlar. Bu holat ushbu dinlar vakillari orasidagi o‘zaro hurmat o‘sha davrlardan shakllanganiga dalil bo‘la oladi.

Tarixiy manbalarda O‘zbekistonda diniy va etnik munosabatlar asosida biror marta ham nizo chiqmagani qayd qilingan. Bunday holatni hozirda islom, xristian, yahudiy dinlari va boshqa konfessiyalarning o‘zaro munosabatlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu kabi do‘stona munosabatlar, ya’ni musulmonlar va xristianlarning O‘zbekiston zaminida birgalikda hamnafas bo‘lib yashashi diniy-ma’naviy totuvlikning timsoli va barcha din vakillariga nisbatan bag‘rikenglikning eng yaxshi namunasi deb aytishimiz mumkin.

Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida “Biron xalqning u yoki bu udumlariga baho berishda bunisi menga yoqadi, unisi yoqmaydi, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Negaki, har bir xalq udumlari, an’analari ming yillar davomida shakllangan va o‘sha millatning hayot tarziga aylangan”, deb yozgan edi.

Buyuk ajdodimizning ushbu so‘zlari insoniyatning bir butunligi va taraqqiyotini belgilab beruvchi omillardan biri – madaniy turli-tumanlikka munosabatning o‘ziga xos shakli bo‘lib, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning mohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega.

Umuman olganda, ming yillar davomida turli din, madaniyat va turmush tarziga ega bo‘lgan xalqlarning birgalikda yashashi hamkorligi markazi bo‘lgan O‘zbekiston buni inkor etib bo‘lmaydigan tasdig‘idir. Qadim zamonlardan bu yerda musulmonchilik, nasroniy, yahudiy, buddaviy va boshqa ko‘hna din vakillari nafaqat birga yashagan, balki bir-birini to‘ldirgan, boyitgan.

O‘zbekiston ko‘p millatli davlat bo‘lib, 136 millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Ular nafaqat turli tillarda so‘zlashadi, balki turli dinlarga e’tiqod qiladilar. Hozirda respublikada turli millat va elat  vakillarining diniy urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarni saqlab qolish hamda bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.

Muhimi, bag‘rikenglik xalqimizning azaliy qadriyatiga aylangani  butun  jahonda e’tirof etilmoqda.

 

Ne’matullo MUHAMMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom tarixi va manbashunosligi-IRCICA”

kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, dotsent

Maqola "Adolat" gazetasining 2021-yil 11-iyun sonida

ham e'lon qilindi.


Print   Email