Azaliy do‘stlik va qardoshlik qadri

Azaliy do‘stlik va qardoshlik qadri

Insoniyatning bugungi tahlikali davrdagi eng katta orzu-maqsadi – tinchlik, osoyishtalik, xotirjamlikni saqlash. Bir tomondan yer yuzidagi tinchlikparvar kuchlar o‘zlarining ezgu g‘oyalari bilan odamlarni ahillik, birdamlikka, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashga da’vat etib kelayotgan bo‘lsa, boshqa bir kuchlar esa buning aksini qilmoqda. Boshboshdoqlik, xudbinlik, bir-birini tan olmaslik, o‘zibo‘larchilik, shaxsiy manfaat jamiyatning tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayni vaqtda dunyo miqyosida globallashuv jarayonlari kuchaygandan kuchayib, bu hudud, chegara bilmas jarayon istalgan davlat, istalgan mintaqada o‘z hukmini o‘tkazyapti. Globallashuvning asl maqsadi dunyoning yaxlit tarzda anglanishi, dunyoning birlashuvi va kishilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning kuchayishidan iborat. Tan olish lozim, globallashuv sabab davlatlar va kishilar o‘rtasida o‘zaro aloqalar kengaydi, dunyo miqyosida axborot makonlari ko‘payib, kapital, tovar hamda ishchi kuchi bozoridagi integratsiyalashuv ancha oshdi. Bu yaxshi, albatta. Ammo yana bir jihati, atrof-muhitga texnogen ta’sir kuchaydi, “ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlari keng tarqaldi, dunyoda axborot, mafkuraviy va diniy, ekstremistik xurujlar xavfi orta boshladi.

Bugun tinchlik, xotirjamlikni istaydigan davlat rahbarlari, siyosatchilar uchun ham ayni vaqtdagi g‘oyatda chigal, murakkab, qiyin vaziyatdan qanday chiqib ketish, eng katta boylik — dunyoda tinchlikni saqlab qolish uchun qanday choralar topish mumkin, degan global muammo o‘ta muhim bo‘lib turibdi.

Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan bu borada ancha samarali ishlar amalga oshirilganini butun dunyo tan olib turibdi. Bu maqsadlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritish, xavfsizlik, barqarorlik, yaxshi qo‘shnilik muhitini mustahkamlash, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilishni hal etish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan. Ko‘zda tutilgan vazifalar izchillik bilan bajarilayotgani va o‘z natijasini berayotganini dunyo hamjamiyati ham tan olmoqda. Albatta bunday natijalarga davlatimiz rahbarining ishonchli, dadil va izchil siyosati, har bir masalani ko‘rib chiqishdan oldin yetti o‘lchab bir kesishi natijasida erishildi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

O‘zbekistonda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha ham necha o‘n yillar davomida qilinmagan ishlar yaqin uch yilda amalga oshirildi. Chunki O‘zbekistondek ko‘p millatli va aholisi bir necha dinga e’tiqod qiladigan mamlakatda bu ustuvor yo‘nalishga alohida e’tibor zarur edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida ham tashqi siyosatni amalga oshirishda barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratgandi. O‘tgan qisqa vaqtda bu borada tarixiy qadamlar qo‘yildi, chegara, suvdan foydalanish kabi nozik, juda jiddiy muammolar hal etildi.

Azaldan bir hududda og‘a-inidek yashab, ezgu maqsad yo‘lida bir tan-u bir jon bo‘lib kurashib kelgan xalqlar yana qayta topishdi, diydorlashdi. Chegaralar ochilgach, qardoshlar bir-birlarining bag‘riga otilib, quvonch yoshlari bilan shu kunlarga yetkazgani uchun ming bor shukrona aytgani, davlatlar rahbarlarini alqagani, millionlab odamlarning quvonchdan ko‘ngillari masrur bo‘lgani hech kimning yodidan chiqmasa kerak.

Prezidentimiz ilk davlat tashriflarini qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirgani zamirida ham katta ma’no bor. Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik sheriklik munosabatlari qayta mustahkamlandi. O‘zbekistonning bu sa’y-harakatlari mintaqadagi muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, albatta.

2019-yil 29-noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini aytdi.

“Bizning mintaqadagi o‘zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz — bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini ta’kidlamoqchiman. U qat’iy siyosiy tanlovga asoslangan bo‘lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas”, dedi davlatimiz rahbari.

Do‘stlik, birodarlik, yaqinlik, qardoshlik... Bu so‘zlar zamirida qanchadan-qancha ma’no yotibdi. Markaziy Osiyoning qutlug‘ zaminida dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olimlar, mutafakkir va shoirlar yashab, ijod qilgan. Bu yerda ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud, azaldan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va boshqa millatlar bir ota-onaning farzandlaridek ahil, inoq yashagan, yaxshi va og‘ir kunlarida birga bo‘lgan. Tili, e’tiqodi, urf-odati, madaniyati uyqash bu xalqlar doimo bir-biriga suyanib, bir-birini qo‘llab kelgan.

To‘sib qo‘yilgan yo‘llar ochilib, qardosh xalqlarning yana bir-biriga yaqinlashuvi tomirlaridagi azaliy qondoshlik, jondoshlikni ko‘pirtirib, istiqbolga yo‘l ochdi. Odatda xalqlar, ayniqsa, qo‘shnilar orasida bordi-keldi yo‘lga qo‘yilsa, bir-birining holidan xabar olsa, yaxshi kunlari yoki boshiga ish tushganida yonida tursa, shundagina do‘stlik, yaqinlik bo‘ladi. Bordi-keldi bo‘lmasa, bir-biridan xabar-dor bo‘lmasa, yaqin qarindoshlar ham begonalashib ketishi tabiiy.

Xalqlarni, millatlarni birlashtirib turadigan bordi-keldi, yaxshi muomala, murosay-u madora bo‘lsa, ularni fan, adabiyot, san’at, madaniyat yanada jipslashtiradi. Aytish kerakki, azaldan qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik shoir-yozuvchilari, olimlari, san’atkorlarining o‘zbek olimlari, adiblari, san’atkorlari bilan qanchalik yaqin bo‘lgani, bir-biridan o‘rganib va bir-biriga o‘rgatib ijod qilgani, ulardan ming-minglab o‘quvchi, san’at shinavandalari bahramand bo‘lganini so‘z bilan ta’riflash qiyin. So‘z zargarlari Gʻafur Gʻulom va Sobit Muqonov, Abdulla Qahhor va Berdi Kerboboyev, Oybek va Mirzo Tursunzoda, Odil Yoqubov va Chingiz Aytmatovning ajoyib, ko‘pchilik havas qiladigan do‘stligi, asarlarining qardosh xalqlarni birlashtirishga bemisl hissa qo‘shganiga yaqin tarix guvoh. Fan, adabiyot, madaniyat, san’at sohasida qardosh xalqlarning o‘zaro hamkorligi, hamfikrligi, ma’nan yaqinligi haqida qancha yozsa, qancha gapirsa arziydi. Zero, bu azaliy an’analar endi yangi o‘zanga kirdi va yanada bardavom bo‘lishini hamma birdek istaydi.

O‘zbekiston mustaqilligini qo‘lga kiritgach, mamlakatimizda “Turkiston — umumiy uyimiz” shiori ostida Markaziy Osiyo xalqlarini yanada yaqinlashtirish borasida amaliy ishlar olib borildi. 1995-yilning kuzida esa O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi xalqaro jamoatchilik markazi tashkil etildi. Assambleyaning oyoqqa turishiga Chingiz Aytmatov va Odil Yoqubov bosh-qosh bo‘lgan, rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, dovrug‘i esa Markaziy Osiyo sarhadlaridan o‘tib, uzoq-uzoqlarga yetib borgan edi.

Assambleyaning sa’y-harakati bilan beshta respublikada galma-gal taniqli adiblar, san’atkorlar, olimlar bilan uchrashuvlar, festivallar, anjumanlar o‘tkazildi, qardosh xalqlar ana shu uchrashuvlar natijasida bir-birlarining tarixi, fani, adabiyoti, san’ati, madaniyati haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘ldi, do‘stlik rishtalari mustahkamlandi. Bu kabi maroqli tadbirlar, she’rxonlik, g‘azalxonlik kechalari, taniqli hofiz, san’atkorlarning har bir chiqishi odamlarda juda katta taassurot uyg‘otar, olqishlashdan charchashmasdi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida “Markaziy Osiyo – yagona o‘tmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi barcha xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tar ekan, ajoyib taklifni ilgari surdi. Ya’ni “Har yili Navro‘z bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini o‘tkazishni muhim, deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi”, dedi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘izistonlik bir guruh ziyolilarning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasini qayta tiklashni so‘ragan murojaati tarqaldi. “O‘rta Osiyo hududi xalqlari bir kenglikda istiqomat qilishgan. Tarixan turlicha tarkibda bo‘lsa-da, bir davlat atrofida birlashganlar. Bu xalqlar og‘ir kunlarni boshlaridan kechirganlar va ming yillar davomida umumvatanlarini dushmanlardan himoya qilganlar”, deyiladi murojaatda.

Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, Qirg‘iziston bilan ham barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik munosabatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, bu ikki qardosh xalq uchun yaxshi samara berayotgani e’tirof etilgan. 2019-yil Toshkentda “Markaziy Osiyo – umumiy uyimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston rahbarining bu boradagi tashabbusi Markaziy Osiyo xalqlari, shuningdek, qirg‘iz ziyolilariga ham olam-olam quvonch baxsh etgani haqida aytilgan. “Ziyolilar vakillari, birinchi navbatda, odamlarning qalbi, ongiga sivilizatsiya va o‘zaro milliy xususiyatlarni, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik o‘rnatuvchi yozuvchilar, shoirlar, faylasuflar, barcha madaniyat vakillarining O‘zbekiston rahbari tashabbusidan boshlari ko‘kka yetdi. Chunki ularning qalblari, ko‘nglilaridagi gaplar jo etilgan bu tashabbusda”, deyilgan murojaatda.

Aytish kerakki, avlodlarimiz an’analarini davom ettirgan holda Markaziy Osiyo xalqlarini fan, adabiyot, san’at, madaniyat orqali birlashtirish, yaqinlashtirishga bosh-qosh bo‘ladigan jamoatchilik markazi yoki madaniyat fondi tuzilsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Chunki xalqlarni, xususan, bir hududda yashab, bir daryodan suv ichgan qardosh ellarni yanada yaqin qiladigan, jipslashtiradigan, bir-biriga hurmatini oshiradigan adabiyot, fan, san’at, madaniyatdir. Aytilganlar esa hayot sinovlaridan o‘tib, amalda isbotini topgan.

 

Yusuf HAMDAMOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Fazliddin HAMROYEV,

falsafa fanlari nomzodi, dotsent

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi


Print   Email