Amir Temur – ruhoniyat homiysi

Amir Temur – ruhoniyat homiysi

Mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyodagi qariyb bir yarim asrlik hukmronligidan so‘ng Movarounnahr taxtiga kelgan Amir Temur davridan boshlab bu yerda tub o‘zgarishlar yuz berdi: ilm-fan, madaniyat, san’at, bunyodkorlik, me’morchilik kabi qator yo‘nalishlarda islohotlar o‘tkazildi. Bular orasida din va diniy ilmlar rivojini ham alohida aytib o‘tish kerak.

Amir Temur va temuriylarning din va din ilmlariga qo‘shgan hissasini o‘rganishda “Temur tuzuklari” hamda o‘sha davrlarga oid tarixiy manbalar, sayohatnoma kitoblarning ahamiyati kattadir. Bunday kitoblarni mutolaa qilgan kishi Amir Temur va temuriylarning bu boradagi rahnamoliklari naqadar yuqori bo‘lganini kuzatadi. Jumladan, “Temur tuzuklari”da “Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari, islom dini ilmlari, tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim”, deyiladi.

Bu paytda ta’lim muassasalari hisoblangan madrasalarda Qur’on tajvid bilan o‘rgatilar, arab va fors tillari qoidalari, aqida, fiqh, islom tarixi, hadis, tafsir kabi diniy bilimlar o‘qitilar, shuningdek, madrasalarning maqomiga qarab, mantiq, she’riyat, falakshunoslik, tarix, geografiya singari fanlardan ham saboq berilardi. Demak, turli ilmlarning rivoji bilan birga din ilmlari ham taraqqiy etgan. Masalan, falakshunos olim falakiyot ilmini bilish bilan bir qatorda din ilmlarini ham bilgan yoki tibbiyot olimi din ilmlaridan ham yetarli darajada boxabar bo‘lgan.

Yoshligidan ilmga mehr qo‘ygan Amir Temur ulug‘ kishilarning suhbatida bo‘lib, ularning duolarini oladi. Adabiyotlarda uning Shamsiddin Mir Kulol Foxuriy, Bahouddin Naqshband, Sayyid Baraka kabi ma’naviy ustozlari sanab o‘tiladi.

Amir Temur davrida Samarqand ilm markazi sifatida gurkirab yashnashi qatorida boshqa yerlarda ham katta ishlar amalga oshirilgan. Bunga misol tariqasida Bag‘dod shahri fath etilgach, bir yil mobaynida shahar qayta tiklanishi, dehqonchilik, savdo-sotiq kabi din ilmlari ham yana keng yoyilishi kerakligi to‘g‘risidagi Ali Yazdiyning bergan ma’lumoti keltiradi.

Sohibqironning suhbatidan bahramand bo‘lgan ispan sayyohi va elchisi Rui Gonsales de Klavixo “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarida Amir Temur yurishlarida qozilarni doimo o‘zi bilan olib yurishini aytadi. Ular o‘z navbatida odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, ya’ni fuqarolik masalalari, noiblik hamda elchilik bilan shug‘ullanganliklarini va qachonki saltanat boshqaruvi tuzilmasi qaror topgach, qozilarning har biri o‘z o‘rniga joylashishlarini ta’kidlaydi.

Sohibqiron ilm va fazl ahlini o‘ziga doimo hamroh qilgan. U nafaqat olimlarni yurishlarida birga olib borar, balki boshqa yurtlarning olimlarini ham o‘z diyoriga olib kelar, ularni o‘zining suhbatdoshiga aylantirar edi. Samarqandga keltirilgan yuzlab olimlar orasida Sa’duddin Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Shamsiddin Muhammad Jazariy singari tafsir, hadis, fiqh, aqida kabi ilmlarda yetuk bilim sohiblari ham bo‘lgan. Naql qilinishicha, Taftazoniy Xorazmda yashab turgan kezlari Amir Temur bu yerni 1379 yilda qo‘lga kiritadi. Lekin Saraxs hokimi Malik Muhammadning istagi bilan Taftazoniyning Saraxsga borishiga izn beriladi. Samarqandda qaytib kelganlarida uni muborakbod qilish uchun kelgan olimlar “Temur hazratlari Xorazmni fath qildi, ammo bu fathning asl hosilini Malik Muhammad Saraxsiy oldi”, deyishadi. Amir Temur Taftazoniyning yirik olimligi, uning asarlari butun musulmon olamida mashhurligini bilgach, darhol allomani Samarqandga chorlaydi. Natijada Taftazoniy Samarqandda katta izzat-ikrom bilan kutib olinadi va olimlarning boshi sifatida tayinlanadi.

Sohibqiron 1388 yilda Sherozni egallaganda vazirlaridan biri bu yerda istiqomat qilayotgan Sayid Sharif Jurjoniyning ulug‘ fazl sohibi ekanini ta’riflaydi. Olim bilan suhbatlashgach, uning ilm va fazli eshitganidan ham ziyoda ekaniga guvoh bo‘lgan hamda uni Samarqandga olib ketgan. Shu tarzda Sayid Sharif Jurjoniy Samarqandda 18 yilga yaqin bosh mudarris bo‘lib, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.

Amir Temurning o‘zi mazkur ikki olim, ya’ni Taftazoniy va Jurjoniy haqida quyidagi fikrni aytgan ekan: “Bu ikki olim fazilat va irfonda teng ekanligini bilsak ham, Jurjoniyning nasab jihatdan ustunligi bor. Ya’ni, u ham sayyid, ham sharifdir. Taftazoniy esa bizlar kabidir”.

Shu bilan birga, temuriylar davri tarixchi olimi Sharafuddin Ali Yazdiy o‘sha paytlarda Kesh – Shahrisabz shahrida Payg‘ambar hadislarini to‘plab, sharhlovchi muhaddislar ko‘p bo‘lganini ta’kidlaydi. Shu sabab ham Kesh ilmlar markazi sifatida “Ilm va adab gumbazi” degan sharafli maqom bilan mashhur bo‘lgan.

Shu tarzda Amir Temur dunyoning mashhur olimlarini o‘z atrofida yig‘ib, Movarounnahrni ilmu ma’rifat maskaniga aylantirgan. Mudarrislarga maoshlar, ta’lim maskanlariga vaqflar tayin qildirgan, ilm ahli uchun hatto saroyda ham ko‘plab ilmiy bahslar tashkil ettirgan. Bu mubohasalarni o‘zi kuzatar va ularda bevosita ishtirok ham etgan. Saroydagi ilmiy munozaralardan biri sifatida Taftazoniy va Jurjoniy o‘rtasida Qur’on oyati xususida bo‘lgan bahsni aytib o‘tish mumkin. Unda g‘olib bo‘lgan Jurjoniyning Amir Temur va boshqalar oldidagi mavqei yanada oshgan.

Umrining ko‘p qismini harbiy yurishlarda o‘tkazgan va ilm shaydosi bo‘lgan Amir Temur bunday safarlarda ham olimlar bilan hamsuhbat bo‘lar edi. Jumladan, Damashq muhosara qilingan paytda mashhur arab tarixchisi va mutafakkiri Ibn Xaldun bilan uzoq va maroqli suhbat bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv chog‘ida mashhur tarixchi Sohibqironga Quroni karimning go‘zal bir nusxasini hadya qiladi. O‘z navbatida Amir Temur shoshilinch o‘rnidan turib, muqaddas kitobni o‘pib boshiga qo‘ygan.

Buyuk sarkarda olimlarning din va jamiyatga taalluqli masalalarda katta ta’sirini e’tiborga olib, munosib va hurmatga egalarini tanlagan holda bilimlariga muvofiq joyga qo‘yar edi. Ushbu jihatdan qaraganda, Amir Temur Burhoniddin Marg‘iloniy avlodlaridan bo‘lgan Abulmalik Samarqandiyni shayxulislom vazifasiga tayin etgan va u ko‘p vaqt shu lavozimda ishlagan. Umuman olganda Marg‘iloniy avlodlari temuriylar boshqaruvi paytida, hatto undan keyin ham uzoq yillar mobaynida shayxulislom vazifasini egallab kelganlar.

Ilm-ma’rifat homiyligi noyob qo‘lyozmalar, nodir manbalar saqlanadigan kutubxonasiz amalga oshmaydi. Samarqandga olimlar keltirilishi barobarida nodir kitoblar ham keltirilardi. O‘z davrida Amir Temur Samarqandda dunyoga mashhur saroy kutubxonasi qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Unda turli tillarda yozilgan noyob qo‘lyozmalar saqlanib, ular orasida Bruss shahri “Antik Pregam” kutubxonasi (Turkiya), Armanistondan keltirilgan noyob asarlar ham mavjud edi. Bularning eng mashhuri shubhasiz Mushafi Usmon”dir. Ushbu kutubxonaga katta maosh evaziga kutubxonachi ham tayin etilgan. Kutubxona qoshida qo‘lyozmalarni ko‘chirish va kitob holatiga keltirish bo‘yicha ustaxona ham faoliyat yuritgan. Bu jihatdan mustaqil O‘zbekistonda Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaga va umuman ta’lim sohasiga berilayotgan katta e’tibor ham ajdodlar tomonidan boshlab bergan ishlarning munosib tarzda davom ettirayotganining dalolatidir.

Darhaqiqat, ilm-fanning rivoji va taraqqiyoti homiylarisiz, ilmga keng yo‘l ochuvchi, sharoitlar yaratib beruvchi hamda emin-erkinliksiz hech ham amalga oshmaydi, Amir Temurning ma’rifat shaydosi ekani, ilmni qo‘llab-quvvatlagani, markazlashgan davlat tuzib, butun saltanatda tinchlik-omonlik va tartibni o‘rnatgani behisob allomalarning yetishib chiqishi, davlatning gurkirab yashnashi uchun katta omil bo‘ldi.

O‘z davrida Amir Temurdan ko‘plab yaxshilik ko‘rgan olimlar, din ahli u zot vafot etganda qattiq qayg‘urishgani manbalarda naql qilinadi. Jumladan, Xoja Abdulavval, Xoja Isomiddin, Sayyid Sharif Jurjoniy kabi din ulamolari qayg‘urib, juda xafa bo‘lganlari “Zafarnoma” asarida bayon etilgan.

Olimlar Amir Temur haqida juda qimmatli fikrlarni berganlar. Jumladan, tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy uni “Davlat va dinning qutbi, hazrat sohibqiron Amir Temur ko‘ragon...”, deya ta’riflasa, “Temur tuzuklari”ni inglizchadan fransuz tiliga tarjima qilib, 1787 yilda nashr ettirgan fransuz olimi Lyangle Temurning olimlarga seriltifotliligi, tarixchilar, faylasuflar, ilm-fan, idora ishlarida iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelishini yozadi.

Rus sharqshunoslarining yetuk namoyondasi, akademik V.V.Bartold “Shubhasiz, Amir Temur ulamolar homiysi edi, ular bilan tengma-teng suhbatlashardi, payg‘ambar avlodlariga alohida hurmat munosabatida bo‘lardi”, deydi.

Amir Temurning Qur’oni Karimni yod bilgani, diniy bahslarda yirik ulamolar bilan barobar so‘z yuritgani uning ma’naviyati, iymonu diyonati qanchalar pok va mukammal ekanini bildiradi.

Ma’lumki, diniy ta’limot va tarbiyatning jamiyat hayotidagi o‘rni va xizmati nihoyatda katta. Amir Temurning islom diniga bo‘lgan munosabatidagi eng muhim qirra bu – musulmonchilik aqidalarining jamiyat osoyishtaligi, ravnaqi, ijtimoiy adolat, iymon butunligi, ma’naviy poklik uchun xizmat qildirishga safarbar etilishidir. Uning e’tiqodiga ko‘ra, davlat davlatligini, din esa dinligini qilishi kerak. Bu g‘oya bugungi zamonda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas. Xuddi shu tufayli ham Amir Temur davrida islom dini ravnaq topdi, yuksaldi.

 

Davronbek MAXSUDOV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari doktori, dotsent.

 


Print   Email