Allomalar ilmiy merosini o‘rganish yangi bosqichda

Allomalar ilmiy merosini o‘rganish yangi bosqichda

Islom dinini xalqimiz yangi ilmiy, ma’rifiy pog‘onaga ko‘tardi. Islomning ilmiy jihatdan yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shdi. Natijada o‘rta asrlarda yashab ijod etgan movarounnahrlik faqih alloma va mutafakkirlardan katta hajmdagi noyob qo‘lyozma manbalar meros bo‘lib qoldi. O‘zbekiston kitob fondlarida yuz mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Ularning asosiy qismi YUNESKOning Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Hozirgi kunda O‘zbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Afsuski, bu nodir kitoblar hali to‘liq o‘rganilmagan, ular olimlar va o‘z o‘quvchilarini kutib turibdi. Ushbu noyob asarlarda bugungi davr o‘rtaga qo‘yayotgan juda ko‘p dolzarb muammolarga javob topish mumkin. Xususan, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, barcha odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan teran ma’noli fikr va g‘oyalar bugun ham o‘z qimmati va ahamiyatini yo‘qotgan emas. Lekin biz ana shunday noyob meros vorislari, shunday boylik egalari bo‘la turib, ularni har tomonlama o‘qish-o‘rganish, xalqimiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga, jahon hamjamiyatiga yetkazish bo‘yicha, yetarli ish qilmaganimizni ham ochiq tan olish kerak”.

O‘zbekiston tarixini asrlar osha yetib kelgan yozma meros asosida xolisona va chuqur o‘rganish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu merosning salmoqli qismini vatanimizdan yetishib chiqqan olimlarning asarlari tashkil etadi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan bebaho, ma’naviy va madaniy merosni qayta tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Jahon ilm-fani uchun Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar, faqihlarning merosini ham o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Chunki, movarounnahrlik faqihlar islom olamining barcha mintaqalarida ham tan olinadi. Ular tomonidan yozilgan fiqhiy asarlar esa hozirgi vaqtda ham ilmiy dargohlarda islom fiqhi bo‘yicha darslik vazifasini o‘tamoqda. Bu Movarounnahrda fiqh ilmining yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari, yo‘nalishlari, o‘ziga xos jihatlari va an’analarini o‘rganishga jiddiy yondashish kerakligini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda Respublikamizda milliy qadriyatlarimiz va muqaddas islom diniga oid an’analarning yanada rivojlanishi xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishida muhim omillardan biriga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Qarorida belgilanganidek, yurtimizdan yetishib chiqqan islom olamining mutafakkirlari asarlari va ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissalarini chuqur o‘rganish, yosh avlodni allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ularga nisbatan hurmat, milliy g‘urur va faxr tuyg‘ularini tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, 2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Samarqandda — Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada — Marg‘iloniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda — Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda — Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, deb ta’kidlagan edilar.

Darhaqiqat, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to‘ldirmas ekan bugungi kunning og‘ir va murakkab savollariga to‘laqonli javob berish mushkul. Bu borada allomalar ilmiy merosiga yuzlanishimiz, ularni o‘rganishimiz har qanday savollarga javob topish imkonini bera oladi.

Yurtimizda dunyoviy va diniy qadriyatlar rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab allomalar yetishib chiqqan hamda ularning asarlari bugungi kunda ham tadqiq etilmoqda. Masalan, Imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih”, “Al-adab al-Mufrad”, Abu Nasr Forobiyning “Risola fi-t tanbih ala asbob as-saodat”, Abu Mansur al-Moturidiyning “Kitob at-tavhid”, Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, Beruniyning “Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya”, Abul Qosim az-Zamaxshariy “Muqaddimat ul-adab”, Burhonuddin al-Marg‘iloniyning “Kitob al-hidoya” kabi asarlari va boshqalardir.

Islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli Burhonuddin al-Marg‘iloniy ham dunyoviy va diniy ilmlarni uyg‘unligini o‘z asarlarida ko‘rsatib o‘tgan. Jumladan, “Bidoyat al-muntahiy” (“Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim”), “Kifoyat al-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim”), “Kitob ul-mazid” (Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”), “Majma ul-navozil” (“Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami”) va boshqalardir. Allomaning ayniqsa “Hidoya” kitobi butun dunyoga ma’lum va mashhurdir. Mazkur kitobda o‘sha zamonlarda mo‘min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalarni, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islom huquqi nuqtayi nazaridan hal etib berdi. Ushbu kitob fiqh ilmi bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo‘lgan. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo‘yicha nufuzli huquqiy manba — asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.

Bunday ulug‘ zotlarning hayot yo‘li va qoldirgan merosini to‘liq tasvirlash emas, balki ularning eng buyuk namoyandalari timsolida ma’rifat, ilmu fan, madaniyat, din kabi sohalarning barchasini o‘zida uyg‘unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab berishdan iborat.

Zamonamizda yashab o‘tgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugun ham jahon ahlini hayratga solayotganini g‘urur bilan ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “...ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va osoyishta hayotning qadrini anglab yetadi”.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, allomalarimiz ilmiy merosida  sog‘lom e’tiqod, teran fikr, to‘g‘ri talqin islom ta’limotini tushunishda katta omil sanaladi. Zero, dinning vazifasi to‘g‘ri yo‘lga muloyimlik va nasihat ila chaqirish, qoqilganni o‘rnidan turishiga ko‘maklashishdir.

Allomalarimizning hayotiga doir yana boshqa ma’lumotlarni aniqlash va ularning o‘sha davrda Movarounnahrda ro‘y bergan siyosiy-ijtimoiy hayotga ko‘rsatgan ta’sirini, asarlarining bugungi kun nuqtai nazaridan ahamiyatli jihatlarini tadqiq etish foydadan holi bo‘lmaydi.

Boburmirzo BOTIROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

tayanch doktoranti.


Print   Email