“Miftahu-l-ulum” — tilshunoslikka oid mufassal asar

“Miftahu-l-ulum” — tilshunoslikka oid mufassal asar

Jahon ilm-fani xazinasi Movaraunnahr diyoridan kamol topgan olimlar tadqiqotlari bilan boyigani shubhasiz. Bu ma’naviy meros xazinasi bugun ham ahamiyatini yo‘qotmay, yangi tadqiqotlarga asos bo‘lmoqda.

O‘rta asrlarda ilm-fan tili sifatida e’tirof qilinadigan arab tilini o‘rganish — barcha diniy ilmlar poydevori hisoblandi. Qayd etish kerak, arab tili grammatikasi, balog‘ati haqidagi yozilgan muhim asarlarning aksari bir-biridan yozilish uslubi, mavzularning berilish tartibi bilan farqlanadi.

XII asr arab tilshunosligini Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Xorazmiy Zamaxshariy ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Imom Sam’oniy: “Mahmud Zamaxshariy adabiyot, nahv ilmida o‘rnak bo‘lib, zamonasining eng yetuk ziyolilardan ilm oldi. Tafsir, hadislar sharhi, tilshunoslik haqida asarlar yozdi”, deb yozgan edi.

Mahmud Zamaxshariy bu sohada asosiy manba hisoblanuvchi “Al-mufassal fi san’ati-l-i’rob” asarini yozdi. Bu asar so‘z haqidagi ta’rif bilan boshlanib, so‘zdagi fonetik hodisalarni bayon qilish bilan tugallanadi.

Mazkur asr oxirlarida Xorazm diyoridan yana bir alloma yetishib chiqdi.  Sirojiddin Abu Yaqub Yusuf ibn Bakr ibn Muhammad ibn Ali Sakkokiy Xorazmiy bo‘lib, Mahmud Zamxshariy vafotidan 17 yil o‘tib, hijriy 555 yili Jumadul-avval oyining uchinchi kuni seshanba kuni kechqurun Xorazmning Sakkok qishlog‘ida  dunyoga keldi.

Muhammad Abdulhay o‘z asarlarida Yusuf Sakkokiy haqida batafsil to‘xtalib, quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Hamma ilmlarda nasibasi bo‘lgan Yusuf Sakkokiyning ustozlari Sadid ibn Muhammad, Mahmud ibn Ubaydulloh hisoblanadi. Bu olimning bir necha asarlari bo‘lib, eng mashhuri 12 ta ilmni qamrab olgan “Miftahul-ulum”dir. Bu kabi asar avvalgilarida ham, keyingilarida ham bo‘lmagan. Yusuf Sakkokiy rajab oyining ilk kunlari hijriy 626 yilda vafot etgan”.

Sakkokiy arab tilshunosligida asosiy manbalardan biri bo‘lgan “Miftahul-ulum” asari yozilishi haqida: “Zamonamning fozil ahllari, fazlni kamolotga yetkazgan zotlar mendan muxtasar qilib, ularga asar tasnif qilib berishimni qat’iylik bilan so‘radilar. Bu kabi gaplarni eshitgach, bundan ular to‘la xursandchilik bilan bahramand bo‘lishlari uchun, asarni har bir zakiy tushushunadigan uslubda tasnifladim. Unda juda yaxshi bilib olish kerak bo‘lgan ilmlarni jamlab, “Ilmlar kaliti” deb nomladim”. “Miftahu-l-ulum” allomaning birinchi asari hisoblanib, Abbosiy halifalardan Nosiriddin halifaligi davrida (hijriy 595 yillardan keyin) yozilgan.

Muallif asarning ahamiyati, qanday ilmlar jamlaganini aytib, unda quyidagilarni keltiradi: “Bu kitobimda til sohasigina emas, balki kerak deb bilinadigan adabiyot sohalarini ham jamladim. Safr ilmi va bundagi asosiy sohalardan biri bo‘lgan ishtiqoq va uning uch turini yozib, ularni batafsil bayon qildim”.

Asar qism, bob, fasl va turlarga bo‘linadi. Unda uchta qism, har bir qism uchta bob va boblar bir necha fasllardan, ular esa bir necha turlardan iboratdir.

Asarning birinchi qismi morfologiya bo‘limiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tovushlarning maxrajlari (hosil bo‘lish o‘rni), harflarning so‘zda asl, ziyoda, badal (almashish) bo‘lib kelish o‘rinlari, ism va fe’l turkumlarining tub va yasama shakllari, fe’ldan hosil bo‘luvchi turkumlar va ularning vaznlari, talaffuzda uchraydigan imola (“a” yoki “ā” tovushlarining “i” ga moyillashuvi), tafxim (yo‘g‘on talaffuz qilish); hamza harfining imlo qoidalari, so‘zning oxirini qisqartirish, son kategoriyasi, nisbiy sifat, izofa, fe’llarning birikma olmoshlar bilan kelishi, vaqf (to‘xtash) bilan bog‘liq qoidalar bayon qilingan.

Arab tilshunosligiga oid boshqa ko‘plab asarlarda mavzularning bunday izchilligi, soddalikdan murakkablikka bo‘lgan yondashuvi, morfologik qoidalar bilan fonetik qoidalarning bog‘liqlik xususiyatlari bilan berilishi kam kuzatiladi. Muallifning alohida, o‘zgacha yondashuvga ega ekanligi sarf ilmiga bergan quyidagi ta’rifidan ham bilib olish mumkin. Ta’rif quyidagicha:

“Sarf ilmida so‘z hosil qiluvchining bor e’tibori bu hodisadagi me’yorlarga, ma’lum bir munosabatlarga qaratilganligini o‘quvchi bilishi kerak. U asosli me’yorlar, so‘z hosil qilish uchun dastlab, turdosh ma’nolarni to‘g‘ri bo‘lib chiqishini hisobga olish, so‘ng bulardan har birini ro‘parama-ro‘para bo‘lishi uchun ma’lum bir harflar toifasi muayyan so‘z uchun turdoshi ko‘zda tutiladi. Turdosh so‘zlarni turli shaklga solish uchun biron bir ma’noni nazarda tutib, undagi harflarni ziyoda qilish, kechiktirish yoki oldin keltirish bilan turlanuvchi shakl ko‘zda tutiladi. Misollarni ko‘paytirish, turli shaklga solish kerak bo‘lganidek, yasash uchun asos so‘zning harflardan biri kamaytiriladi. Asl o‘zak o‘rnida boshqa harf kelayotganini bildirish uchun harflar almashtirilishi mumkin. Shunday qilib, bu harflarni bir-biri bilan biriktirish boshlang‘ich shakldan kelib chiqadi. So‘ng so‘zni o‘zgartirishdan alohida-alohida so‘z qasd qilinadi”.

Bu nuqtai nazardan, o‘quvchi uzoqda bo‘lishi yoki bularni mumkin emas, deb hisoblashi, o‘zidagi ma’lumotlarni anglash yo‘lini yo‘q qiladi. Lekin sir emaski, til shakli aniq bo‘lgan, hammaga ma’lum narsalarni o‘rganish bilangina emas. Agar o‘quvchi bor diqqatini voqealikka qaratsa, mohir yig‘ivchi ishiga yaqin bo‘lgan voqealikni topadi.

Birinchi bo‘limning uchinchi bobi “Xatolardan saqlanish turlari” deb nomlanadi. Bu kabi bob boshqa asarlarda uchramaydi. Eng xarakterli jihati, bu bobdagi mavzular o‘rganuvchi tomonidan ko‘p xato sodir bo‘ladigan, anchayin murakkab hisoblanadi. Ularga imola (tovush moyillashuvi), tafxim (yo‘g‘on talaffuz qilish), hamza harfining imlodagi xosliklari, so‘z oxirining qisqartilishi va boshqa yuqorida sanab o‘tgan mavzular muallifga xos bo‘lgan uslub bilan yoritiladi. Bu qismning o‘n birinchi turi “Fe’llardan yasalgan so‘zlardan so‘z yasash” deb nomlanadi. Mavzuni bunday atalishi muallifning ishtiqoq-so‘z yasash ilmidagi o‘ziga xos bo‘lgan yondashuvi, uslubini ko‘rsatadi.

Asarning ikkinchi qismi “Sintaksis” bo‘lib, bu haqda Sakkokiy: “Alloh tavfiqi bilan navh ilmini ham to‘la bayon qildim”, deb aytadi. Ikkinchi qism navh ilmi ta’rifi bilan boshlangan bo‘lib, quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi: qobil (mayl yoki kelishiklarda o‘zgaruvchi so‘z), mu’robning turlari, foil (fe’l kesimli gap egasi), harf va ularning turlari (yordamchi so‘z turkumlari), omil harf (sintaktik vazifa bajaruvchi ko‘makchi), istak mayli old ko‘makchisi, undalmaning qisqarishi, shart mayli old ko‘makchilari, fe’lning darak mayli, sintaktik vazifa bajarmaydigan harf, son, hol, ega, kesim va boshqa mavzular.

Asarning uchinchi qismi balog‘at ilmiga oid bo‘lib, o‘zidan keyingi ushbu ilmga oid bo‘lgan asarlar manbasi hisoblanadi. Muallif o‘quvchi sarf va nahv ilmlarini bilmasa, balog‘at ila so‘zlay olmasligini aytadi. Asarning bu ikki qismi aynan balog‘at ilmida qanchalik ahamiyatli ekanligini, ular bo‘lmasa, ilm badi’, ilm ma’oniy bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

“Miftahul-ulum” asari yozilganidan keyin bir qancha sharhlar, xoshiyalar, ta’liqot (izoh)lar yozilgan. Bu haqda Hoja Xalifa sharh yozgan olimlarni sanab o‘tadi:

Asarning 3-qismiga sharh yozgan olimlar ko‘p bo‘lib, shulardan uchtasini keltiriladi: Qutbuddin Mahmud ibn Mas’ud Sheroziy, alloma Sa’duddin Taftazoniy hamda Sayyid Sharif Ali ibn Muhammad Jurjoniy.

Hozirgi kunimizgacha o‘z ahamiyatini yoqotmagan ushbu asar  bir necha marta Turkiya, Misr va boshqa davlatlarda qayta-qayta nashr qilingan. “Miftahul-ulum”ning zamonaviy nashrlari juda ko‘p. 1825-yilda Kalkuttada, 1899-yil Istambulda, shu yilning o‘zida hamda 1900 va 1929-yillarda Qohirada (1929-yildagisi Muhammad Komil Asyutiy tahqiqi ostida) nashr qilingan. 1980-yilda Bog‘dodda Akrom Usmon Yusuf muharrirligida batafsil sharh qilib nashr etildi. Shuningdek, 2000-yilda Bayrutda chop etilgan misrlik mashhur olim doktor Abdulhamid Hindoviy tahqiqi ostida chiqqan nashr ma’lumotlarning ishonchliligi, murojaat manbalarining ko‘pligi bilan qolgan nashrlardan afzal hisoblanadi.

Bu asarning bizda bitta qo‘lyozma, toshbosma nusxalari Sharqshunoslik instituti (hozirgi universitet) Qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.

Asarning o‘ziga xos yondashuv bilan yozilgani, mavzularning izchilligi, boshqa manbalarda uchramaydigan ma’lumotlarning ko‘pligi “Mufassal” asaridan keyingi mufassil asar ekanligini bildiradi.

Akmalxon AKMALXONOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

 tayanch doktoranti.


Print   Email