Бaғрикенглик — олий қaдрият

Бaғрикенглик — олий қaдрият

Mehr-muruvvat va bag‘rikenglik bir-biriga yaqin tushunchalardir. Bag‘rikenglik har bir davlat, jamiyat, har bir din, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari uchun g‘oyat qimmatli qadriyat hisoblanadi. Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasida unga atroflicha ta’rif berilgan:

“Bag‘rikenglik bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, o‘zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida so‘zlagan nutqida: “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, deb ta’kidladi. Bundan uch yil muqaddam esa Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. BMT Bosh Assambleyasi 2018-yilning 12-dekabrdagi yalpi sessiyasida shu asosda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Hujjatda “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik”ka chaqirilgan. Rezolyutsiya BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va mazkur hujjatga 50 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan edi.

Xalqimizning ma’naviy yuksakligi, poydevori azaldan baland bo‘lib kelgan. Afsuski, tarixning ayrim vaqtlarida biz o‘zligimizdan, asl farzandlarimizdan, millatimizning ma’naviy yetakchilaridan ayrildik. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon kabi ma’rifatparvarlarimiz bu yo‘lda jonlarini fido qildi.

Ma’naviyatimizning asosi, eng avvalo, muqaddas islom dinimiz sanaladi. Qur’oni Karimda 114 ta sura va 6232 ta oyat bor. Ularning bosh g‘oyasi shaxsni mehr-muruvvat ruhida tarbiyalash maqsadiga qaratilgan. Har bir musulmon ahli yangi kun yoki har bir ishni “Bismillohir rohmanir rohiym” deb boshlaydi. Bu esa islom dinining asosiy mohiyatida mehr va muruvvat tuyg‘usi mujassamlashganidan dalolatdir.

Bag‘rikenglik tamoyillari asl qonida bo‘lgan o‘zbek xalqi qanday sharoitda yashamasin, insoniylik tuyg‘ularini saqlab qolgan. 1941-1945 yillarda bo‘lib o‘tgan urush yillarida sobiq sho‘ro davlatining turli hududlaridan ko‘chirib kelingan aholiga mahalliy xalq o‘z uyidan joy, non-tuz berganini tarix unutmaydi. Sevimli shoirimiz G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan” nomli she’ri xalqimizning naqadar bolajonligini ko‘rsatib turibdi.

Biz esa go‘zal dinimiz ta’siri ostida tarbiya topib, bebaho ma’naviy meros qoldirgan buyuk ajdodlarimiz ijodlaridan ko‘proq bahramand bo‘lishimiz, bu ma’naviyat xazinalarini dilimizga ko‘proq jo qilishimiz kerak. Buyuk alloma Alisher Navoiy inson qalbining quvonchu qayg‘usi, ezgulik va hayot mazmunini g‘azallarida teran ifoda etgan. Insoniy ishq-muhabbat, mehru vafo, sharmu hayoni yonib, hassoslik bilan kuylagan Navoiyning go‘zal satrlari oradan besh yarim asrdan ziyod vaqt o‘tsa hamki, kishini hayajonga solib keladi.

“Kim agar ko‘ngil buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay”.

Hazrat Navoiy mazkur misralari bilan inson qalbining martabasini, uning mo‘tabarligini bizga yana bir bor eslatadi. Muxtasar aytganda, yurtimizda asrlar davomida ko‘plab xalqlar, millat va elatlar turli munosabatlar bilan ko‘chib kelib, qo‘nim topgan. Mahalliy aholi ularni o‘z birodaridek qabul qiladi. Ehtimol, biz iqtisodiy jihatdan qaysidir mamlakatlardan ortda bo‘lsak ham, ma’naviyat, odamiylik borasida yuqori bo‘lsak, yuqorimizki, ammo kam joyimiz yo‘q. O‘zbekistonning bugungi siyosatida ham millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik ustuvor o‘rin tutadi. Biz ana shu bebaho qadriyatlarimizni, mukammal tarzda kelgusi avlodga meros qoldirishimiz shart.

 

Nargiza ShOALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti”

kafedrasi dotsenti.

 


Print   Email