OTMlar professor-o‘qituvchilari, talaba, magistr-doktorantlari uchun “Erasmus” dasturi e’lon qilindi

OTMlar professor-o‘qituvchilari, talaba, magistr-doktorantlari uchun “Erasmus” dasturi e’lon qilindi

2020-yilning 11-dekabrda Yevroparlament hamda Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan “Erasmus+” dasturining davomi sifatida 2021-2027-yillarga mo‘ljallangan “Erasmus” dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dastur 2021-2027-yillarda mo‘ljallangan bo‘lib, uning byudjeti 26,2 milliard yevroni tashkil etadi (avvalgi dastur byudjetidan 11,5 millard yevro ko‘p). Shu bilan birga uning mablag‘larining 83 foizi ta’lim va kasb-hunar ta’limi, 10,3 foizi yoshlar, 1,9 foizi sportga yo‘naltiriladi.

Dastur o‘quvchilar, yoshlar, talabalar va o‘qituvchilar uchun ilm va hunar o‘rganish hamda ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida taqdim etilib, oliy ta’lim va kasb-hunar ta’limi, kattalar uchun ta’lim, norasmiy ta’lim, yoshlar va insonlar faol ishtirokidagi tadbirlarni qamrab oladi.

“Erasmus” dasturining asosiy yo‘nalishlari:

Ta’lim olishdagi faolligi – uning maqsadi ta’lim, o‘qitish va yoshlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ishtirokchilar va tashkilotlarga uzoq muddatli imtiyozlar berishdan iborat.

Innovatsiyalar va ilg‘or tajribalar almashinuvi sohasidagi hamkorlik – turli mamlakatlardagi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash, o‘qitish sohasidagi ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqishga yordam berishni ko‘zda tutadi.

Ta’limga oid islohotlarni qo‘llab-quvvatlash – innovatsion siyosat va siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ta’lim sohasida bilim almashish, shuningdek, yoshlarni bunga tayyorlashga qaratilgan tashkilotlarga grant ajratishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

“Erasmus” dasturiga qiziquvchilar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalqaro aloqalar boshqarmasining (71) 246-38-56 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shimcha savollarga javob olishi mumkin.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email