Талабалар турар жойи

Akademiya talabalar turar joyi faoliyatiga oid asosiy me’yoriy hujjat “Talabalar turar joyi” to‘g‘risidagi Nizom hisoblanadi. U Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 23 avgustdagi 600-sonli buyrug‘i asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashining 2018 yil 30 avgustdagi 1-son majlisi qarori bilan tasdiqlangan. Shuningdek, TTJ Akademiyaning ichki tartib qoidalari Nizomi, TTJ “Talabalar kengashi” ish rejasi asosida faoliyat yuritadi.

Akademiya hovlisida joylashgan 1 ta binodan iborat Talabalar turar joyi (TTJ) 242 nafar talaba o‘ringa mo‘ljallangan.

TTJning birinchi qavatida o‘quv zali, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, tibbiyot hamda tarbiyachilar xonalari joylashgan. Bundan tashqari, barcha etajlarda o‘quv xonasi, oshxona, hojatxona, yuvinish xonasi, dush ham mavjud. Talabalar yashash xonalari dars qilish va yashash uchun kerakli bo‘lgan mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Har bir qavatda zamonaviy televizorlar va WiFi qurilmalari o‘rnatilgan bo‘lib, talabalar yurtimizda va jahonda yuz berayotgan so‘ngi o‘zgarishlar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishib boradilar hamda madaniy hordiq chiqaradilar.  TTJda talabalar o‘zini-o‘zi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida, shu yerda istiqomat qiluvchi faol va jamoatchi talabalar orasidan tanlov asosida TTJ va qavatlar sardorlari tayinlanadi. Ular TTJdagi shart-sharoitlar, talabalarning ichki tartib-intizomga rioya etishi, talabalar navbatchiligi, shu yerda o‘tkaziladigan ma’naviy-marifiy tadbirlar va turli bayramlarga tayyorgarlik kabi masalalar muhokama qiladilar.

Akademiya talabalar turar joyida tarbiyaviy ishlarga Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor boshchiligida fakultet dekanlari, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar va murabbiylar jalb etilgan. Shuningdek, Talabalar turar joyida faoliyat olib boradigan tarbiyachi-pedagog talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha mas’ul etib tayinlangan bo‘lib, muntazam ravishda talabalar bilan tarbiyaviy ishlar amalga oshirib boradi.
Akademiya rahbariyati, talabalar turar joyi ma’muriyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Akademiya boshlang‘ich tashkiloti hamda kafedra professor-o‘qituvchilari talabalarning istak va xohishlaridan kelib chiqib, turli ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etadi. Akademiya talabalar turar joyida yashovchi talabalar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida oliygohning sport zalida turli sport, til o‘rganish to‘garaklari, kompyuter savodxonligi, to‘quvchilik to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Pazandachilik, uy hamshiraligi, badiiy havaskorlik kabi to‘garaklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Print   Email