O‘zbekiston qadimdan ilm-u ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Shu bois, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Sharq allomalari va mutafakkirlarining ilmiy-ma’naviy merosi, jahon ilm-fani, sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo olimlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan hamisha yuksak e’tirof etiladi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini namoyon qilishi bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davri poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-ma’rifat maskanlari bo‘lishi shubhasiz.