“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida uzluksiz ta’lim tizimini ta’minlash maqsadida 2016-yilda “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi tashkil etilgan.

Maktabda milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan birga quyidagilar ustuvor o‘rin egallaydi:

– turli ko‘rinishdagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaslik;

– ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik xususiyatga egaligi;

– ta’limning uzluksizligi va izchilligi;

– o‘quv dasturlarini tanlashga doir yondashuvning yagonaligi va tabaqalashtirilganligi;

– bilim, qobiliyat va iste’dodning rag‘batlantirilishi.

“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilarida O‘zbekiston Respublikasining umumiy o‘rta ta'lim Davlat ta'lim standartlarida belgilangan bilim, ko‘nikma, malakalar va hayotiy kompitensiyalarni shakllantirishni maqsad qilib qo‘ygan. Shuningdek, o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida milliy g‘oya ruhida yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptiradi, uni mard, jasur, Vataniga sadoqatli fuqaro sifatida shakllantirish vazifalarni amalga oshiradi.

 Muassasa ta'lim-tarbiya ishlarini har bir shaxs, jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshiradi. Maktabning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi o‘quvchilarni baxtli va muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga tayyorlashdan iborat.

Tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib beradi, shu jumladan o‘quvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashlari va qo‘shimcha bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratadi.

Maktab 9 yillik umumiy o‘rta ta'lim fanlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi. Hozirda maktabda 1-6-sinflar mavjud. 2024-yilda maktab dastlabki qaldirg‘ochlarini uchirma qiladi. Maktabni bitirgan o‘quvchilar ta'limni akademik litseyda davom ettirishlari mumkin.

Maktabga o‘quvchilar 6-7 yoshdan  qabul qilinadi. Yuqori sinflarda bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa, o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadilar.

460 nafar o‘quvchilarga o‘z kasbining mohir egalari ta’lim-tarbiya berib kelmoqdalar. Maktabda xorijiy tillar (ingliz va arab tillari) chuqurlashtirib o‘qitiladi.

 Xorijiy tillardan o‘rganilayotgan til egalari dars beradi. Ta'lim o‘zbek va rus tillarida tashkil qilingan. Shuningdek, tajriba sinov asosida “binary class” (ingliz-rus) lar ham tashkil qilingan.

Maktab o‘quv rejasi 5 ta blokdan iborat. Bular: filologiya fanlari (ona tili, xorjiy tillar), ijtimoiy fanlar (tarix, tarbiya), aniq fanlar (metematika, informatika va axborot texnologiyalari), tabiiy va iqtisodiy fanlar, amaliy fanlar (musiqa, mehnat, texnologiya va jismoniy tarbiya).

Yuqori sinflarda matematika, tarix va geografiya fanlari chuqurlashtirilib o‘qitiladi. Shaxmat darsi maktab o‘quv rejasidagi majburiy fanlar qatoriga kiritilgan.

Maktabda darslar ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalar asosida tashkil qilinadi.

Maktab o‘quv-rejasi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asoslanadi. Jumladan, PISA (Programme for International Student Assessment), PIRLS (Progress in International Reading Literacy Study), TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rish;

“STEAM – ta’lim” (Science, Technology, Engineering, Art, Mathematics – biologiya, kimyo, fizika, informatika, matematika, tasviriy san’at, musiqa) dasturini joriy etish;

kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini amaliyotga joriy qilish;

raqamli iqtisodiyot asoslari hamda informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha o‘quvchilarga bilim berish.

Maktabda o‘quvchilar har tomonlama kamol toptirishi uchun sport, musiqa, raqs, milliy qadriyatlar, kitobsevarlar, hamda fan to‘garaklari faoliyat yuritadi.

Maktabda akademiyaning professor o‘qituvchilari va boshqa sohalarning yetuk mutahassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. 

Quyidagi https://ziyozukko.uz/ sayt orqali ham “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi faoliyati bilan tanishishingiz mumkin.

 

Print   Email