O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

Bugun yurtimiz yoshlari o‘z hayotidagi muhim bosqich oldida turibdi. Mamlakatimiz umumiy o‘rta taʼlim maktablari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilari qatorida ko‘plab abiturientlar uchun “gʼalvir suvdan ko‘tariladigan palla” yaqin. Hozirda ular o‘z iqtidorlari va yillar davomidagi to‘plagan bilimlarini namoyish etish uchun qatʼiy ishonch bilan tanlagan kasbiy mutaxassislik bo‘yicha bilim beradigan oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish taraddudida.

Jahonda o‘z nufuziga ega akademiya

Mamlakatimizning barcha oliy taʼlim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abiturientlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur akademiya yurtimiz va jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Zero, u dunyoviy fanlar qatorida islomshunoslik va dinshunoslik yo‘nalishlari ilmiy jihatdan chuqur o‘qitiladigan dunyodagi sanoqli taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasidan biri hisoblanadi. Shu bois ilgʼor va zamonaviy taʼlim standartlar asosida ilm olishni istab akademiyaga hujjat topshirayotgan mahalliy va xorijiy yoshlar safi yildan yilga tobora kengaymoqda.

Hozirda akademiyada uchta – Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud bo‘lib, ularda o‘z ixtisosligi bo‘yicha dunyoda taniqli mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qabul jarayonidagi yangiliklar nimada?

Joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Covid-19 pandemiyasi sharoitida o‘tkazilayotgani bois o‘ziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.

“2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘gʼrisida”gi Prezident qarori asosida joriy yilda abiturientlarga keng imkoniyatlar berilmoqda. Eng avvalo, abiturient test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha oliy o‘quv yurti bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, kirish test sinovlari ikkita fandan o‘tkazilishi ham yoshlarning o‘z iqtidorlarini to‘liq namoyon etishiga sharoit yaratishi tabiiy.

Аlbatta, bu kabi yangilik va yengilliklar yoshlarimizning ilm-maʼrifatga intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda kelajakda yetuk mutaxassis kadr sifatida jamiyatda oʼz munosib o‘rnini egallashiga katta ragʼbat beradi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan ham joriy yilda abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish va dastlabki imtihonlarni o‘tkazishda o‘ziga xos yangiliklar tatbiq etilmoqda.

Eng avvalo, shuni taʼkidlash joizki, akademiya bitiruvchilari ilmiy-pedagogik salohiyati va chet tillarni bilish darajasiga qo‘yilayotgan talablar asosida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi qaroriga muvofiq joriy yildan Аkademiyaga qabul jarayonida dastlabki imtihon tatbiq etilmoqda. Ushbu sinovlar bo‘lgʼusi talabaning o‘z intellektual salohiyatini kengroq namoyon etishiga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni maqsad qilgan abiturientlar dastlab quyidagi ilovadagi (https://iiau.uz/en-ca/yangiliklar/yangiliklar/q-bul-komissiyasig-biturient-q-ysi-hujj-tl-rni-topshir-di-22.html) hujjatlarining PDF format yoki sifatli suratini uylarida turgan holda(!) kompyuter yoki zarur imkoniyati mavjud mobil aloqa vositasi orqali https://qabul.iiau.uz portaliga yuklashi zarur.

Ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abiturient doimiy ish faoliyatidagi o‘z mobil(!) telefoni raqamini kiritishi talab etiladi. Chunki ushbu belgilangan mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi (link) hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Unutmaslik joizki, abiturient hujjatlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida barcha maʼlumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirishi shart. Аgarda ism sharifi yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi(!). Bu esa abiturientning hujjatlari Аkademiya qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmasligiga sabab bo‘ladi.

Dastlabki imtihon qanday va qachon o‘tadi?

Eʼtibor berish joizki, abiturientlar 2020 yilning 20 iyunidan 10 iyul soat 17-00ga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazgach, 11-13 iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan o‘tish talab etiladi. Bunda har bir abiturientning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali Intellektual test olinadigan internet portali ilova(link)si, testdan o‘tish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Taʼkidlash joizki, mazkur imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlargina 2020 yilning 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email