Intellektual test: Xorijiy tillar bo‘yicha bilimlar ham sinaladi

Intellektual test: Xorijiy tillar bo‘yicha bilimlar ham sinaladi

Аbiturient – 2020

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatiga o‘qishga hujjat topshiradigan abiturientlar dastlabki imtihon — Intellektual testdan (https://bit.ly/38zKqE9) o‘tishi lozim. Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi 358-son qarori (https://bit.ly/31jvg4s) asosida joriy etildi.

Ushbu imtihon natijalari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan asosiy test sinovlarini topshirishga ruxsat berish yoki rad etishga asos bo‘ladi(!).

Demak, 2020 yil 10 iyul soat 18-00ga qadar abiturient Qabul komissiyasiga belgilangan tartibda hujjatlarini (https://bit.ly/2zjehaw) topshirgach, 11-13 iyul kunlari onlayn tarzda Intellektual test topshiradi(!).

Taʼkidlash joizki, karantin holatidan kelib chiqib, mazkur yilda dastlabki imtihon soddalashtirilgan tartibda, intellektual test shaklida onlayn o‘tkazilmoqda. Unda abiturient umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus kasb-hunar taʼlimi O‘quv dasturlari asosida — O‘zbekiston hamda jahon tarixi, dunyo dinlari tarixi,, ona tili va adabiyot, umumiy savodxonlik, mantiqiy fikrlash va maʼnaviyat asoslari hamda xorijiy til (ingliz, nemis, fransuz)lar bo‘yicha jami 20 ta savolga javob berishi lozim. Har bir savolning javobini topish uchun 2 daqiqadan, umumiy 40 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘gʼri javob 5 ball bilan baholanadi. To‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori natija — 100 ball hisoblanadi.

Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun abiturient 50 va undan yuqori ball to‘plashi kerak.

Unutmaslik lozimki, belgilangan Nizom talabiga ko‘ra, Dastlabki imtihon qayta o‘tkazilmaydi. Shu bois abiturient dastlabki imtihonga tayyorlanishda texnik jihatlarga ham eʼtibor qaratishi lozim (https://bit.ly/2acad3n) (!).

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar ro‘yxati O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Qabul komissiyasi tomonidan Davlat test markaziga taqdim etilgach, 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali Аkademiyaga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

Demak, abiturientlar diqqatiga: yuqorida taʼkidlanganidek, 10 iyul soat 18:00 da abiturientlardan hujjat qabul qilish to‘xtatiladi. Shu bois O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni qatʼiy maqsad qilgan yoshlar o‘z hujjatlarini belgilangan tartibda ko‘rsatilgan muddatga qadar topshirishlarini so‘raymiz.

Barcha abiturientlarga sinovlarda omad tilaymiz!

 

Ozbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email