Qаbul dаvom etmoqdа

Qаbul dаvom etmoqdа

“2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘gʼrisida”gi Prezident qarori asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga abiturientlarning qabul jarayoni 20 iyundan 20 iyul kuniga qadar davom etadi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi qaroriga ko‘ra Аkademiyaga qabul jarayoniga Dastlabki imtihon(!) tartibi kiritildi.

Shu bois O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga hujjat topshiradigan abiturientlar 2020 yilning 20 iyunidan 10 iyulga qadar akademiyaning https://qabul.iiau.uz portali orqali hujjatlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Bu jarayonda abiturient internet tarmogʼidagi quyidagi ilova: (https://iiau.uz/en-ca/yangiliklar/yangiliklar/q-bul-komissiyasig-biturient-q-ysi-hujj-tl-rni-topshir-di-22.html)da ko‘rsatilgan hujjatlarni PDF format yoki sifatli suratga olib, uyda turgan holda(!) kompyuter yoki mobil aloqa vositasida https://qabul.iiau.uz portaliga yuklash orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha maʼlumotlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirilishi shart. Аgarda ism, sharifingiz yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi(!).

Hujjatlarning to‘liq va to‘gʼri topshirilgani xususida keyingi kuni rasmiy sayt orqali xabardor bo‘lish mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qabul jarayoniga kiritilgan dastlabki sinov Intellektual test shaklida 2020 yilning 11-13 iyul kunlari o‘tkaziladi(!).

O‘z o‘rnida taʼkidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan mazkur sinovlar imkon qadar soddalashtirilib, abiturientlarga keng yengilliklar yaratgan holda onlayn tashkil etiladi.

Diqqat qiling, ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abiturient doimiy ish faoliyatdagi o‘z mobil(!) telefoni raqamini kiritgan bo‘lishi zarur. Chunki ushbu mobil raqamiga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Eslatma! Intellektual salohiyatni baholovchi testni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari haqida Аkademiyaning www. iiau.uz sayti hamda rasmiy telegram kanali orqali xabardor bo‘lishingiz mumkin.

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar 2020 yilning 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy boʼlimlari yoki Davlat test markazi sayti orqali Аkademiyaga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

Аlbatta, bu kabi yangilik va imkoniyatlar yoshlarimizning ilm-maʼrifatga intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda kelajakda yetuk mutaxassis kadr sifatida jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishiga katta ragʼbat beradi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email