«TARJIMA VA TAFSIR IFTIXORI» MAVZUSIDA DAVRA-SUHBATI

“INFOLIB UZBEKISTAN-2019” VIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Islom sivilizatsiya markazi direktor o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur bilan «Tarjima va tafsir iftixori» mavzusida davra-suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO kafedrasi dotsentlari D.Maxsudov, A.Abdullayev, S.Oqilov, katta o’qituvchi J.Tohirov, Islomshunoslik fakulteti talabalari, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, Toshkent Islom oliy ma'hadi talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdi.

A.Abdullayev tadbirni ochar ekan, uning ishtirokchilarini qutladi va Shayx Abdulaziz Mansurning tarjima va tafsir borasida mehnatlari haqida ma’lumot berib o’tdi.

— Mamlakatimizda bebaho diniy-ma'rifiy merosimizni o‘rganish va undan xalqimizni bahramand qilishdek xayrli ishlarga katta e'tibor berilmoqda. Qur'oni karim ma'nolarini o‘zbek tiliga tarjima va tafsir qilish an'anasining davom etayotgani so‘zimiz dalilidir. Yurtimiz ulamolaridan Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan amalga oshirilgan ushbu tarjima va tafsir o‘ziga xos xususiyatlari bilan kitobxonlarga ma'naviy va ma'rifiy boylik baxsh etib kelmoqda. Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz “Sahihi Buxoriy” ning tarjima va sharh qilinib, nashr etilishida ishtirok etganlar. Ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay'at raisidirlar”, - deya tanishtirdi A.Abdullayev.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur yurtimizda mustaqillik davrida islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan ilmiy faoliyatni qayta tiklash va rivojlantirish imkoni yaratilganligini alohida etirof etib, dedi:

“Mustaqillik yillarining ne'matlari haqida gapirar ekanmiz, uning biz, din ahli uchun ahamiyatini aytib o‘tish joyiz. Chunki avvallari diniy kitoblarni yozish, ularni tarjima qilish va chop etish ta'qiqlangan edi. Hozir esa kitoblar yozilmoqda, nashr etilmoqda, tarjimalar qilinmoqda. Shu bilan bir qatorda Islom Sivilizatsiyasi markazi qurilmoqda. U yerda o‘zbek allomalarining ilmiy meroslari barobarida diniy ilmga doir adabiyotlar ham jamlanadi. Shukronalik bilan aytishimiz kerakki, hozir yoshlarimiz milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanmoqda. “Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri” kitobi 3 yil davomida tarjima qilingan. Unda “Qur'oni karim” ning tushunishda ko‘p ikkilantirgan joylari tafsir qilingan”.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarining turli mavzularga oid savollari bilan murojaat etib, Shayx Abdulaziz Mansurdan batafsil javoblar oldilar.


Print   Email