ABU MANSUR MOTURIDIY TA’LIMOTI jaholatga qarshi aql va ma’rifat quroli

Aql yuritishdan voz kechgan xalqning, aql yuritishdan boshqa imkoni yoq”.

Imom Moturidiy, “Kitob ut-tavhid”, 14-bet

Imom Moturidiy sezgi va aql bilan rivoyatni ma’rifatning asosi deb biladi.

IX–X asrning murakkab sharoitida Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, yuksak mutakallim va mutafakkir, yirik faqih va atoqli olim darajasiga ko‘tarilgan Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy o‘ziga xos kalom maktabiga asos solib, hanafiy mazhabining bayrog‘ini baland ko‘tardi va uning g‘oyaviy poydevorini mustahkamlab, ahli sunna va jamoa e’tiqodini qat’iylik bilan himoya qildi, mo‘tazila, ismoiliya, qarmatiya va botiniya firqalari tomonidan tarqatilgan noto‘g‘ri aqidaviy tushunchalarning asossiz­ligini isbotlab berdi.

VII–X (ikkinchi hijriy asrdan) boshlab to‘rtinchi hijriy asrgacha (VII–X milodiy asr), bir tomondan O‘rta Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida turli fanlar bilan birga shariat ilmlari, ayniqsa, fiqh ilmi(islom huquqi)ning taraqqiyot bosqichi va oltin davri bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan arab tiliga tarjima qilingan Yunon ilmiy, falsafiy asarlari islom dun­yosiga kirib kelgan edi. O‘shanda turli din tarafdorlari va ayrim turli qarash egalari islom dinini qabul qilgan bo‘lsalar ham, qalban o‘z diniy e’tiqodlari va qarashlari ta’siri ostida turardilar. Bu davr ularning ta’siri ostida xilma-xil g‘oyaviy, aqidaviy ziddiyatlar yuzaga kelishi davri edi.

Diniy masalalar, imon va e’tiqodga tegishli bo‘lgan qator muammolar bo‘yicha kelib chiqqan ixtiloflar va ke­lishmovchiliklar, ilm ahli, din arboblari, davlat rahbarlari, hatto xalq ommasining diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib turib, xavorij (Xorijiylar) xurujidan ko‘p o‘tmay, mo‘tazila, qadariya, jabariya, jahmiya, karromiya, karomatiya va botiniya kabi diniy guruhlarning shakllanishi uchun sharoit yaratib berdi.

Mazkur guruhlardan Abu Huzayfa Vosil ibn Ato (vafoti — hijriy 131, milodiy — 748) tarafdorlari bo‘lmish mo‘tazila (e’tizol tarafdorlari) turli islom mamlakatlarida da’vatchilari orqali o‘z g‘oyalarini talqin
etish va tarqatish bilan mashg‘ul edilar.

Mo‘tazilaning mashhur namoyandalaridan Abu Huzayl Allof, Nazzom, Johiz, Abulqosim Balxiy, Al-Ka’biy, shuningdek, nazariy jihatdan mo‘taziliy, lekin amalda sunniy bo‘lgan Abulqosim Zamaxshariyni eslatib o‘tish mumkin.

Abbosiy xalifalardan Ma’mun, Mu’tasim va al-Vosiq ularning ta’siri ostida bo‘lib, qur’onning yaratilganligi kabi muammolarga doir ularning aqidalarini qo‘llab-quvvatlab kelardi. Barcha xalqni “Qur’on qadim emas, balki maxluq, ya’ni yaratilgandir” degan aqidaga da’vat etish bo‘yicha Ma’mun chiqar­gan manshur (buyruq) tatbiq etilishi va u qoldirgan vasiyatga amal qilinishi, xalq ustiga og‘ir musibatlarni olib keldi.
Uning buyrug‘iga binoan, ushbu aqidani qabul qilishdan bosh tortgan hanbaliya mazhabi asoschisi Imom Ahmad ibn Hanbal ayov­siz tarzda kaltaklandi, badani va kiyimlari qonga bo‘yalgan holda saroydan olib chiqib ketildi.

Zikr etilgan xalifalar davrida mo‘tazila tarqatgan fitna shu qadar avj oldiki, xalifa Al-Vosiq buyuk olimlardan biri bo‘l­mish Ahmad ibn Nosir al-Xizo’iyni “Olloh roziligi uchun, bu kofirni o‘z qo‘lim bilan o‘ldirishim kerak”, deb qilich bilan uning boshini kesib Bag‘dodga yubordi va xalq ko‘zi oldida dorga osib qo‘ydirdi, Naim ibn Haddod zindonda hayotdan ko‘z yumdi, Muhammad ibn Nuh ibn Maymun ismli olim Ahmad ibn Hanbal kabi savalandi. Ulug‘ vatandoshimiz Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ham “Qur’on qadimiymi yoki yaratilganmi?”, degan savolga ilmiy javob bergan bo‘lsa-da, Nishopur shahrida chidab bo‘lmaydigan bosim ostida qoldi. Bid’atchilar o‘z shahri — Buxoroda ham uning tinchligi­ni buzib, ona shahridan Samarqandning Xartang qishlog‘iga badarg‘a qilishdi. Alloma o‘sha yerda og‘ir sharoitda yakka va tanho hayotdan ko‘z yumdi.

234-hijriy yili xalifa Al-Mutavakkil tomonidan o‘zidan ilgari “xalqi Qur’on“ haqida chiqarilgan qarorlar va buyruqlarni to‘xtatish borasida e’lon qilingan manshurning amalga oshirilishi bilan mo‘tazila fitnasiga chek qo‘yildi. Al-Qodir o‘zining “E’tiqod ul-Qodiriy” nomli asarida ash’ariya mazhabini qo‘llab-quvvatlab, mo‘tazilaga qarshi turdi.

O‘sha davrda mo‘tazila e’tiqodi asosida quyidagi masalalar o‘rtaga tashlangan edi:

Jismonan qayta tirilish mumkin bo‘lmaganligi uchun, Olloh qiyomat kuni faqat ruh­larni qayta tiriltiradi.

Qur’on qadimiy emas, balki hodis, ya’ni yaratilgan deb da’vo qilganliklari uchun, Qur’onga teng keladigan kitobni yozish mumkinligini isbotlashga uringanlar.

Ollohni bu dunyoda ham, u dunyoda ham ko‘rish mumkin emas degan e’tiqodni ilgari surganlar.

Botiniylar ham ularning qarashlariga tayanib, Qur’on oyatlarini o‘z maqsadla­riga muvofiq ta’vil (bir so‘zni asl ma’no­sidan uzoqlashtirib izohlash) va tafsir qilib, istagan ma’nolarini islom ruhiga xilof bo‘lsa ham, ular­dan chiqarib olishga harakat qilardi.

Ushbu masalalar bo‘yicha ko‘p kitob­lar, risolalar yozilib, katta jiddiy tortishuv­lar, jadal munozaralar yuz berib, islom jamoalari o‘rtasida ixtiloflarning keskinlashuviga sabab bo‘lardi.

Aytib o‘tilgan e’tiqodiy ziddiyatlar murakkab va og‘ir sharoitni yuzaga kelti­rib, Bag‘doddan tortib Xuroson bilan Turkiston qadar salbiy ta’sir o‘tkazmoqda edi. Ismoiliy mazhabiga tegishli bo‘lgan karo­matiylar va botiniylar mo‘tazila e’tiqodi­ni o‘z diniy va siyosiy g‘oyalarini tarqatish va hokimiyatga erishish maqsadida asos qilib olgan holda islom jamoalari o‘rtasida darz solib jamiyatni parchala­moqda edi. Ular qurol ishlatish, talon-toroj qilish, yo‘lto‘sarlik va odam o‘ldirish orqali Somoniylar, G‘aznaviylar, Abbosiylar, Saljuqiylar va Qoraxoniylar davlatlarini izdan chiqarib ag‘darishga urinardilar. Shu­ningdek, o‘z muxoliflari­ni — oddiy odamlardan tortib, davlat rahbarlarigacha terror orqali oradan ko‘tarib, yo‘llarida turgan to‘siqlarni bartaraf qilishga intilardi.

Ular takfir etish (boshqalarni kofir deb hukm qilish), qo‘lga qurol ko‘tarib, ularga qarshi turganlarni o‘ldirish bilan, diniy taassubga asoslangan siyosiy harakatning yo‘lboshchilari edi. Karomatiylar qabr­larni ziyorat qilish, ka’ba toshi(al-hajarul-asvad)ni o‘pish harom deb e’lon qildilar. Botiniy­lar Qur’on oyatlarida botiniy (ichki) ma’no borligini da’vo qilib, har bir oyatni o‘z istaklariga muvofiq ta’vil qila boshladilar.

Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, ular­ning bunday faoliyati fojiali oqibatlarga olib keldi. Tarixchi doktor Madadiy­ning qayd etishicha, ular tomonidan qatl qilingan din namoyandalari va yirik davlat arbob­lari soni “Tarixi Rashidiy”da 48 nafar deb ko‘rsatilgan.

Al-Bag‘dodiy ham, Abu Rayhon Beruniy ta’kidlaganidek, botiniylar o‘z tarafdorlari­ga o‘zlarining qizlari, opa-singillariga uylanish, barcha dun­yoviy lazzatlardan bahra olish va bolalar bilan birga bo‘lishga ruxsat berganlarini, shu bilan birga botiniylarning yetakchilaridan biri — Ibn Zakariyo Tomiy­ning faoliyati 319-hijriy yilda kuchaygani, lekin oradan ma’lum vaqt o‘tgach, yotgan joyida bo‘g‘izlab o‘ldirilganini eslatib o‘tadi (Al-Bag‘dodiy, “Alfarqu baynal firaq” firqalar orasidagi farqlar kitobi. Bayrut, Dorul ma’rifa, 284–286-betlar).

Botiniylar 331-hijriy yili somoniy­lar shohi Nasrga o‘z aqidalarini qabul qildirishga muvaffaq bo‘lib, u orqali o‘z mazhabiy g‘oyalarini tarqata boshladilar. Bu vaziyatdan xalq norozi bo‘lib, e’tiroz bildira boshlagan. O‘shanda armiya bosh qo‘mondani barcha davlat a’yonlarini to‘plab, yuzaga kelgan muammoni Nasr va uning o‘g‘li Nuh ibn Nasr huzurida, ularning muhokamasiga qo‘yadi. Armiya boshliqlari va davlat a’yonlari bir ovozdan Nasrni taxtdan tushirib, o‘rniga uning o‘g‘li Nuh ibn Nasrni taxtga o‘tqazadilar.

O‘sha yili Somoniy hukmdor Nuh ibn Nasr farmoniga binoan qarmatiylar deb atalgan botiniy shialari qatli om qilingan, tirik qolganlari ham yashirinib  tog‘li Badaxshonga borib yashaganlar.

Misrda foti’iylar xalifasi Al-Mustansir-billoh vafotidan keyin uning o‘g‘illari orasida bo‘lib o‘tgan raqobatda mag‘lubiyatga uchragan Nizor (vafoti — 1093) tomonida turgan, ularning da’vatchilari­dan biri Hasan ibn Sabboh, fotimiylar da’vatidan o‘zgacha bo‘lgan yangi bir da’vatni Nizor nomi bilan boshlagan. U Eronda Qazvin yaqinidagi “Alamut” qo‘rg‘onini o‘z faoliyati markaziga aylantirib, 483-hijriy yili shu yerga joylashib olgan. Ko‘p faoliyat olib borgach 518-yili Saljuqiy­lar sultoni Sanjar davrida hayotdan ko‘z yummay turib, Muhtashamni o‘z o‘rniga rahbar qilib tayinladi. 560-yili vafot etgan Hasan ibn Muhammad “Qiyomat” deb atalgan da’vatni boshlab, ibohat e’lon qilgan, ya’ni islom shariatida harom etilgan barcha ishlarni muboh, ya’ni joiz va halol deb hukm chiqargan. Lekin uning neva­rasi Jaloluddin Hasan (vafoti — 618) qadimgi rasm-rusumga rioya qilib, o‘zini islom libosida ko‘rsatishga uringan.

“Alamut” qal’asining so‘nggi egasi (hokimi) 650-yili mag‘lubiyatga uchrab, Xuloku oldida tiz cho‘kkan holda unga taslim bo‘lgan. Undan keyin Misr, Shom va Eronda ularga qarshi olib borilgan urushlar oqibatida ushbu toifa (ismoiliy­lar) siyosat maydonidan chiqarilgan.

Hasan ibn Sabboh o‘z tarafdorlarini chuqurroq ishontirish maqsadida turli uslublardan foydalangan. Ulardan biri narkotik moddalar va hashish(chars)dan foydalanish edi. Bu uslub shundan iborat ediki, ismoi­liy fidoyisiga narkotik moddalar ichirib, uni behush qilardilar, so‘ng uni jannatsimon bir joyga olib borib, bir muddat aysh-u ishrat va maishatda vaqt o‘tkazgandan keyin, qaytarib avvalgi joyiga olib kelardilar. Fidoyi o‘ziga kelganda ko‘rgan narsalari bir ro‘yo singari uning nazarida mujassam bo‘lib turardi. Unga “Sen jannatni ko‘ribsan! Agar o‘sha chiroyli joyga borishni istasang, fidoyilar yo‘lidan borishing kerak, bundan nari o‘liming ushbu ajoyib joyga borib unda abadiy yashash uchun shartdir”, deb aytilardi.

Ismoiliylar hokimiyat uchun narkotik moddalardan, Xoja Nizomulmulk “Siyosatnoma” kitobida yozishicha, karvonlar yo‘lini to‘sish, kechalari shaharlarga bos­tirib kelib, odamlarning oromini buzish va odam o‘ldirish maqsadida terrorchilikdan keng ko‘lamda foydalangan. Ular tarbiyala­gan fidoyilar sultonlar saroyida, badavlat kishilar xizmatida farrosh, oshpaz kabi lavozimlarda xizmatda bo‘lib, ko‘cha va bozorlarda yamoqchilik va boshqa kasblar bilan shug‘ullangan, lozim topilganda topshirilgan vazifani bajarganlar.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, botiniylar tomonidan o‘ldirilgan 48 davlat va din arbobi jumlasida Abbosiy xalifalaridan Al-Mustarshid billoh (529-yil), Al-Roshid billoh, ularning ashaddiy dushmani Saljuqlar bosh vaziri xoja Nizomulmulk va uning ikki o‘g‘li bor edi.

Shunday bir murakkab va og‘ir sha­roitda Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, yuksak mutakallim va mutafakkir, yirik faqih va atoqli olim darajasiga ko‘tarilgan Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy (257–333-hijriy yil) o‘ziga xos kalom maktabiga asos solib, hanafiya mazhabining bayrog‘ini baland ko‘tardi va un­ing g‘oyaviy poydevorini mustahkamlab, ahli sunna va jamoa e’tiqodini qat’iylik bilan himoya qildi. Asarlarida mo‘tazila, ismoiliya, ka­romatiya va botiniya tomonidan tarqatilgan noto‘g‘ri aqidaviy tushunchalarning asossizligini isbotlab berdi.

Abu Mansur Moturidiy yaratgan kalom maktabi o‘zining ko‘p qirraliligi, sohasi kengligi, ilmiyligi, bid’atchilarga qarshi murosasizligi bilan ajralib turadi. U shariat ilmlaridan tashqari, hikmat, mantiq va boshqa fanlarni o‘zlashtirganligi tufayli, katta ilmiy iqtidor va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, diniy qarashlari falsafiy me’yorlar bilan uyg‘unlashgan edi.

Abu Mansur Moturidiy ularga nisbatan keng va ilmiy dunyoqarash va ilmiy tushunchaga ega bo‘lganligi sababli, tushunish, anglash va ma’rifat quyidagi uch yo‘ldan hosil bo‘ladi, deb ishongan:

— his yoki sezgi a’zolari orqali;

— naql va rivoyat orqali;

— aql va idrok orqali.

Mazkur uslubga binoan, Moturi­diy mazhabida har bir aqidaviy masala istidlol (dalillash) va mantiqiy uslub asosida yuritiladi, mo‘taziliylar va botiniylar istidloliga qarshi ham naqliy va ham aqliy dalillardan foydalaniladi. U olib borgan kurashning o‘tkir tomoni mo‘taziliylardan keyin ularning aqidaviy asos­lariga tayangan, botiniylar va karomatiy­larga qaratilgan edi.

Moturidiy, birinchidan, mo‘taziliylarga, so‘ngra botiniylar va karomatiylarga qarshi kurash olib borish, Qur’onni tahrif va o‘zgartirishdan saqlab qolish, islom ruhi va ta’limotini bid’atchilarning zaharli g‘oya­laridan himoya qilish, ular­ning mazhabiy va falsafiy safsatalarining asossiz ekanligini isbotlab berishni o‘z oldiga asosiy va muqad­das vazifa qilib qo‘ygan edi. U botiniylar ta’viliga butunlay qarshi turgan ahli sunna val-jamoa ta’vilini rivojlantirdi va bu sohada ko‘p jildlik “Ta’vilotu ahlis-sunna” nomli Qur’on tafsirini yaratdi. Avvalidan oxirigacha mo‘taziliylar va botiniylar tomonidan Qur’on oyatlariga qilingan o‘rinsiz ta’villarni rad qilish, ilmiy, falsafiy va naqliy dalillar bilan ularning noto‘g‘rili­gini ko‘rsatib berishga ixtisoslashgan ushbu tafsir nihoyatda muhim ilmiy asardir. Bu kitob Alouddin Samarqandiy tomonidan “Sharhu ta’vilotul-Qur’on” nomi bilan sharhlangan. Undan ayrim qo‘lyozma nusxalar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida mavjud.

Ash’ariya mazhabi arab dunyosi va Yaqin Sharqda tarqalgan bo‘lsa, moturidi­ya Turkiston, Turkiya, Hindiston, Xuroson hududida keng ko‘lamda tarqalib, odamlar ongidagi g‘oyaviy bo‘shliqni to‘ldirdi, bid’atchilarga qarshi ahli sunna val-jamoaning ma’naviy va g‘oyaviy quroliga aylandi, mo‘min-musulmonlarni ikkilanish va shubhalanishdan qutqardi. Bid’at va zalolatga asoslanib, sunniylik va hanafiylik ta’limotiga qarshi ishonchsizlik va e’tiqodsizlik ruhini tarqatuv­chi mo‘taziliy va botiniy do’iylari (da’vatchilari) hujumidan ruhiy tushkunlikka uchragan Samarqand aholisi uzoq muddatli munozaralar va keskin jadallarda g‘alaba qozonib, o‘z ilmiy asarlari bilan muxoliflarga qaqshatqich zarba bergan imom Moturidiyni e’zozlab, kamoli hurmat va samimiyat bilan kutib oldi va u bilan faxrlandi.

Buyuk imom o‘zidan ko‘p ilmiy me­ros qoldirgan. Uning eng muhim asarlari: “Kitobu Maoxiz ash-sharia” (Shariat manbalari kitobi), “Kitob ul-jadal” (Munozara kitobi), “Ta’vilot ul-Qur’on yoki Ta’vilotu ahlis-sunna” (Qur’on ta’viliga doir kitob — Qur’on tafsiri), “Kitobur-rad alal-Qaromita” (Karomatiylarga raddiya kitobi), “Kitobu raddi avoil al-adilla lil-Ka’biy” (Ka’biyning boshlang‘ich dalillarini rad qilishga bag‘ishlangan kitob), “Kitobu bayoni vahm al-mo‘tazila” (Mo‘tazila vahm va gumonlarining bayoni), “Risolot ut-tavhid” (Tavhid bo‘yicha risola), “Kitob ul-usul” (Usul kitobi), “Kitob ul-maqolot fi usulid-din” (Din asoslari bo‘yicha maqolalar), “Sharhu kitobil-fiqhil-akbar” (Abu Hanifaning Al-fiqhul-akbar kitobiga sharh), “Kitobu raddi tahzib al-jadal lil-Ka’biy” (“Ka’biy­ning tazhibul-jadal” kitobiga raddiya), “Kitobu raddi usul al-xamsati li Abu Muhammad al-Bohiliy” (Abu Muhammad Bohiliy tomonidan ishlatilgan beshta usul va qoidaga raddiya kitob), “Kitobu radd Al-imoma li ba’z ar-ravofiz” (Ayrim Rofiziy shialar tomonidan imo­mat masalasi bo‘yicha ilgari surilgan g‘o­yalarga raddiya kitob), “Kitobu raddi vaid al-fussoq” (Fosiqlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan va’da va vaidlarni rad qilishga doir yozilgan kitob).

Moturidiy yozgan asarlar ko‘pincha o‘sha davrning mashhur mo‘tazila namoyandalari bo‘lmish Al-Ka’biy, Abdu Muhammad Bohiliy, yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri mo‘tazila tomonidan talqin va nashr etilgan g‘oyalarga qarshi qaratilgan. U karomatiylar va rofiziylarga ham qarshi alohida kitoblar yozgan.

Moturidiyning skalom maktabi keyingi davrlarda ham bid’atchilarga qarshi Movarounnahr xalqining kurash bayrog‘iga aylangan. Qoraxoniylar davlati Buxoroda Moturi­diy yaratgan aqoid maktabini, haqiqiy islom va ahli sunna va jamoaning aqidaviy asoslari deb e’lon qilgan edi.

Imom Moturidiy ta’limoti bugungi kunda ham aqidaparastlar va terrorchilar tomonidan islom dini niqobi ostida tarqatilayotgan asossiz g‘oyalarga qarshi, shuningdek, jaholatga qarshi kurash bo‘yicha aql va ma’rifat qurolidir.

 

Abdulhakim Shar’iy JUZJONIY, yuridik fanlar doktori, O‘zbekiston Islom akademiyasi professori

 

 ©  "Ma'rifat" gazetasi 2020 yil 26 fevral, 9-son


Print   Email